Jahon | 14:29 / 09.03.2024
15289
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an prezidentlikdan qachon ketishini ma’lum qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2028 yildagi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etmasligi mumkin.

Foto: Reuters

Turkiyada joriy yil 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovlar mamlakatning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uchun oxirgi saylov bo‘lishi mumkin. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.

“Ish faoliyatim bilan to‘xtovsiz shug‘ullanyapman, nafas olishga ulgurmay yuguryapmiz. Men uchun bu yakun. Bu saylovlar qonunchilik tomonidan ruxsat etilgan vakolatim doirasidagi so‘nggi saylovdir. Keyingi ishlar mendan keyin keladigan birodarlarimga o‘tadi”, degan Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti o‘z tarafdorlarini eng yirik shaharlar – Istanbul, Anqara va Izmir merlik saylovlarida amaldagi muxolifat uchun emas, balki hukmron partiya vakillari g‘alaba qozonishi va shu bilan 1 apreldan “yangi davr”ni boshlash uchun ovoz berishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, 2017 yilda Turkiya referendum natijasida prezidentlik respublikasiga aylantirilgandi. Amaldagi konstitutsiyaga ko‘ra, davlat rahbari o‘z lavozimida ketma-ket ikki muddatdan ko‘p o‘tirishi mumkin emas. 2023 yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Erdo‘g‘an besh yillik ikkinchi muddatga qayta saylangandi. Uning vakolat muddati 2028 yilda tugaydi.

Mavzuga oid