Jahon | 22:22 / 11.03.2024
65098
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yer sathi eng ko‘p cho‘kib borayotgan mamlakatlar qatoriga kiritildi 

Yer osti suvlarini nazoratsiz tortib olish yer cho‘kishining asosiy sababi sifatida ko‘rsatilgan.  

AQSh geologlari ikki milliard odam uchun xavf tug‘dirayotgan tahdidni aniqladi. Geophysical Research Letters jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, bu yer sathining cho‘kishi bilan bog‘liq jiddiy muammo hisoblanadi. 

Qayd qilinishicha, aholi zich joylashgan hududlarda cho‘kishga olib keladigan omillardan biri yer osti suvlarini olishdir. Olimlar yer osti suvlarini tortib olish darajasi va cho‘kish darajasi o‘rtasida sezilarli ijobiy bog‘liqlik borligini aniqladi. Ya’ni bu hududlar ushbu geologik xavfni kamaytirish uchun suvdan samarali foydalanishga muhtoj. 

Tadqiqotchilar yerning cho‘kishi bilan bog‘liq bo‘lgan va masofadan turib zondlash natijasida to‘plangan ma’lumotlardan foydalangan. Ular Yer yuzasining 6,3 million kvadrat kilometrdan ko‘prog‘i (dunyodagi umumiy quruqlik maydonining taxminan 5 foizi) yiliga 5 millimetrdan ortiq cho‘kib borayotganini aniqlagan. Bu zarar yetkazish uchun kifoya qiladigan ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Kompyuter orqali modellashtirish jarayonida yer osti suvlarini nazoratsiz tortib olish yer cho‘kishining asosiy sababi ekani aniqlangan. Undan keyin zilzilalar bilan bog‘liq seysmik faollik, keyin esa yer osti suvlarining to‘ldirilishiga ta’sir qiluvchi atrof-muhit sharoitlari (ya’ni yog‘ingarchilik) turadi. 

Qayd qilinishicha, Janubiy Osiyo cho‘kish xavfi ostida bo‘lgan eng katta yer maydoniga ega – umumiy maydonining 2,2 foizi yiliga 50 millimetrdan ortiq cho‘kmoqda.  

Cho‘kish darajasi yiliga eng ko‘p - 50 millimetrdan oshadigan davlatlar qatorida Filippin, Eron, Kosta-Rika, Indoneziya va O‘zbekiston sanab o‘tilgan. 

Mavzuga oid