Jahon | 13:10 / 11.03.2024
8278
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya floti kemalari besh kundan beri Qora dengizga chiqmayapti

«Sergey Kotov» yo‘qotilganidan so‘ng, Rossiya kemalari Qora dengizga chiqmayapti, Ukraina tashabbusni o‘z qo‘liga oldi, deya da’vo qilmoqda Ukraina qurolli kuchlari.

Foto: Telegram/ VentdeCrimee/AFP

Ukraina qurolli kuchlarining da’vo qilishicha, Rossiya harbiy kemalari «Sergey Kotov» patrul korveti yo‘qotilganidan keyin ketma-ket beshinchi kun Qora dengizda jangovar navbatchilikka chiqmayapti. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 10 mart kungi holatga ko‘ra, Qora dengizda Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining birorta ham kemasi yo‘q edi. Shu bilan birga, Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiyaning uchta harbiy kemasi O‘rta Yer dengizida, yana biri Azov dengizida bo‘lib turibdi. 

Bir kun avval Ukraina janubi mudofaa kuchlari qo‘mondonligi matbuot xizmati Rossiya floti Qora dengizda to‘rt kundan beri jangovar navbatchilik qilmayotganini, raketa tashuvchilar esa 20 kundan beri o‘z bazasida qolayotganini ma’lum qilgan edi.

UQK: Ukraina Qora dengizdagi tashabbusni o‘z qo‘liga oldi

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-dengiz kuchlari vakili Dmitriy Pletenchuk telemarofonda ta’kidlaganidek, Qrim portlaridagi Rossiya kemalari soni minimal darajaga qisqartirilgan – faqatgina Novorossiysk, Sochi va Tuapsedagi bazada joy qolmagan kemalargina turibdi, lekin ular dengizga chiqmayapti. «U yerda (Qrimda) ular uchun unchalik qimmatli bo‘lmagan va hozir unchalik foydali bo‘lmagan aktivlar qolmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq Pletenchuk Qora dengizdagi tashabbusni Ukraina o‘z qo‘liga olganini aytgandi. «Jangovar operatsiyalarni o‘tkazish uchun o‘z shartlarimizni qo‘yish imkoniyati mavjud. Endi biz muvaffaqiyatga erishmoqdamiz, lekin ishlashni davom ettirishimiz kerak», - dedi Ukraina harbiy-dengiz kuchlari vakili. 

«GUR»: dengiz dronlari «Sergey Kotov» kemasini yo‘q qildi

5 martga o‘tar kechasi Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi Kerch bo‘g‘ozi yaqinida Rossiya Qora dengiz flotining «Sergey Kotov» patrul kemasi cho‘kib ketgani haqida xabar berdi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Magura V5 dengiz dronlari uning orqa tomoni va ikkala bortiga zarar yetkazgan. 

Mavzuga oid