O‘zbekiston | 08:36 / 23.03.2024
13614
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda Navro‘z kunlari urush qahramonlari yo‘qlandi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov bayram kunlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashib, ularning holidan xabar oldi. Urush qatnashchilariga bayram sovg‘alari hamda pul mukofotlari topshirilgan.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navoiyda Navro‘z bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari holidan xabar olindi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Normat Tursunov Qiziltepa tumani hokimi Bekzod Bobomurodov bilan tumanda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Rashida aya Ishkulova hamda Shukur bobo Homitov xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar olishgan.

Suhbat jarayonida Rashida Ishkulova 1943 yilda urushga ketgani, «Marshal Rakasovskiy» 36920-harbiy front gospitalida hamshira bo‘lib, askarlarga jang paytida tibbiy yordam ko‘rsatgani hamda 1943-45 yillarda Germaniya ostonasi Berlin shahrigacha harbiy hamshira sifatida xizmat vazifasini o‘tagani haqida o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashgan.

Bugungi kunda onaxon 4 nafar farzandni tarbiyalab, farzandlar ardog‘ida, yurtimiz qahramoni sifatida doim e’zozda ekanligini ta’kidlagan.

Shukur Homitov esa 1942 yilda Ukraina frontiga urushga ketgan, 7- va 5-o‘qchi polkida mergan bo‘lib jang qilgan. 1943 yilda yarador bo‘lib, 3641-harbiy gospitalida davolangan hamda 1945 yilda frontdan qaytgan. Bobo 7 nafar farzandni tarbiyalab, tinchlik-xotirjamlik va shukronalikda umrguzaronlik qilayotganligini ta’kidlagan.

Tashriflar jarayonida urush qatnashchilarini bayram bilan tabriklab, ularga pul mukofoti hamda sovg‘alar topshirilgan.  

Mavzuga oid