Jahon | 11:11 / 01.04.2024
11504
3 daqiqa o‘qiladi

FT: Rossiyaliklarning yarmi «Krokus»da «Ukraina izi» borligiga ishonyapti

Rossiyaliklarning qariyb yarmi «Krokus»dagi terakt ortida Ukraina turganiga ishonyapti, atigi 27 foiz kishi IShIDni ayblayapti, deb yozadi Financial Times.

Foto: Maxim Shemetov/REUTERS

Rossiyaliklarning yarmiga yaqini «Krokus Siti Xoll»dagi terakt ortida Ukraina rahbariyati turganiga ishonmoqda, deb yozadi The Financial Times OpenMinds tashkiloti onlayn so‘rovi ma’lumotlariga tayanib. Yana 27 foizi hujumni IShID terrorchilari amalga oshirgan deb hisoblaydi. 6 foiz «kollektiv G‘arb»ni, ya’ni AQSh, Britaniya va NATOni aybladi. 5 foizdan kamrog‘i «Krokus»ga hujumni Ukrainadagi urushning rossiyalik faxriylari yoki Rossiya rasmiylari uyushtirgan degan versiyaga amal qilyapti. 

Shu bilan birga, respondentlarning 75 foizdan ortig‘i Vladimir Putinni «Krokus Siti Xoll»dagi terakt haqida ishonchli ma’lumot manbayi deb atagan. «Agar tashviqot va rasmiylar Ukrainani ayblasa va buni asosiy versiyaga aylantirsa, odamlar bunga ishonishadi, chunki axborot makoni deyarli mutlaq nazorat qilinyapti», dedi «Levada-Tsentr» direktori Denis Volkov FT uchun sharhida.

Yoshlar Ukrainaning teraktga aloqadorligi haqidagi versiyaga kamroq ishondi

So‘rov natijalariga ko‘ra, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar Ukrainaning «Krokus»dagi teraktga aloqadorligi haqidagi versiyaga kamroq ishonyapti. Ushbu yosh toifasidagi respondentlarning 30 foizdan biroz ko‘prog‘i bunga ishonadi. Ularning 40 foizdan ortig‘i sodir bo‘lgan voqealarda IShIDni aybladi. 

Jami, OpenMinds ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda 652 kishi qatnashgan. U onlayn tarzda o‘tkazildi.

Rossiya rasmiylari hujumda Ukrainani ayblamoqda 

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va «FSB» rahbari Aleksandr Bortnikov «Krokus»dagi terakt uchun javobgarlikni Ukraina hukumatiga yukladi. Bundan tashqari, 29 mart kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi konsert maydoniga qilingan hujumdan so‘ng, terrorchilar go‘yoki mukofot olishi kerak bo‘lgan Kiyev tomon yo‘l olgani haqida rasmiy bayonot e’lon qildi. 

Hujum uchun javobgarlikni IShID terror tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. G‘arb davlatlari ham Moskva viloyatidagi konsert zaliga uyushtirilgan hujumga IShID guruhining aloqasi bor degan fikrga moyil. 

Mavzuga oid