O‘zbekiston | 17:59 / 03.04.2024
30020
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi ko‘prik yuk mashinasi o‘tayotganda qulab tushdi

Jondor tumanida ustidan yuk mashinasi o‘tib ketayotgan ko‘prik qulab tushdi. Yuk mashinasining orqa tomoni daryoga tushib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Zarafshon daryosi ustiga qurilgan ko‘prik yuk mashinasi o‘tayotganda qulab tushgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda og‘ir yuk mashinasining orqa qismi daryoga tushib ketgani va old qismi yerdan uzilib, ko‘tarilib qolganini ko‘rish mumkin.

Ma’lum qilinishicha, yuk mashinasining daryoga qulab ketishi hodisasida hech kim halok bo‘lmagan.

Hozirda Jondor tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh mazkur holat bo‘yicha o‘rganishlarni olib bormoqda.

«Ishchi guruhning yakuniy natijasi bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, fevral oyi oxiri, mart oyi boshlarida yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar oqibatida respublikaning bir necha hududida ko‘priklarni suv yuvib ketgan va ularning ayrimlari qisqa muddatda ta’mirlangan edi.

Bundan tashqari, 2024 yil 16 fevral kuni Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi ko‘prikning bir qismi yuk mashinasi o‘tayotganda qulab tushgandi.

Mavzuga oid