“Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergan haydovchining jarimasi bekor qilindi
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan haydovchi qoidani buzib, ortidan kelgan “Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergan. Oradan 2 kun o‘tib, haydovchiga jarima qog‘ozi borgan.
Toshkent shahri Chilonzor tumanida “103” mashinasiga yo‘l berib, qoidani buzgan haydovchi jarimasi bekor qilindi, deb ma’lumot berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
SSV xabariga ko‘ra, haydovchi Chilonzor tumani Katta Xirmontepa ko‘chasi 48-uy qarshisida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida o‘zining “Kobalt” rusumli avtomobilida to‘xtab turganida ortidan kelgan “Tez yordam” avtomashinasiga qoidani buzib yo‘l bergan. 2 kundan keyin uning yashash manziliga jarima qog‘ozi borgan. Holat Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, haydovchiga qo‘llangan jarima bekor qilingan.
“Maxsus baza orqali tekshirilganda ushbu fuqaro o‘z avtotransport vositasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan vaqt “Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergani aniqlandi. Haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa ham jarima jazosi o‘rnatilgan tartibda bekor qilindi”, – deydi Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov. Shuningdek, haydovchi fuqarolik burchini vijdonan bajargani uchun boshqarma tomonidan taqdirlangan.
Vazirlik haydovchilardan xushyor bo‘lib, imtiyozli transport vositalariga yo‘l berishlarini va buning uchun ularga jarima solinishidan xavfsiramaslikni so‘ragan.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024