Belgorodda Ukraina o‘qqa tutishi oqibatida 8 kishi yaralandi
Kecha tunda Belgorod viloyatida uch marta raketa tahdidi e’lon qilindi. Kubanda dronlar Anapa yaqinidagi neft omboriga hujum qildi.
Belgorod va Belgorod viloyati 9 may, payshanbaga o‘tar kechasi yana Ukraina tomonidan o‘qqa tutildi. Raketa tahdidi uch marta e’lon qilingan. «Turar joy binolari va avtomobillarga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar bor», dedi Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz kishi jabrlangan: yetti nafar yosh katta inson va 11 yoshli qiz. Besh jabrlanuvchi, jumladan, bir bola kasalxonaga yotqizilgan.
Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, Belgorodda 19 ta ko‘p qavatli uydagi 34 ta xonadon, xususiy uy va 37 ta avtomobil shikastlangan. Belgorod tumanidagi Dubovoye qishlog‘ida to‘rtta xususiy uy va uchta avtomashinaning tom qismiga zarar yetdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Belgorod viloyati uzra 15 ta Vampire RM-70 yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi snaryadlari yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Mintaqada bitta dron ham urib tushirilgan. Bryansk viloyatida ikkita, Kursk viloyatida uchta dron urib tushirildi, deya qo‘shimcha qildi departament.
Voronej viloyatiga ham uchuvchisiz uchoqlar hujum qilgan. Gubernator Aleksandr Gusevning xabarlaridan ma’lum bo‘lishicha, UUA hujumi tahdidi mintaqada taxminan olti soat davomida kuzatilgan.
Anapa yaqinidagi neft omboriga hujum
Ayni paytda, Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabining xabar berishicha, 9 mayga o‘tar kechasi Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Anapadan 35 km uzoqlikdagi Yurovka qishlog‘idagi neft omboriga hujum qilgan. Operativ shtab ma’lumotlariga ko‘ra, tungi hujum paytida «oltitaga yaqin UUA tutib olingan», biroq bir nechtasi neft ombori hududiga qulagan va yong‘in boshlangan. Bir nechta yonilg‘i baklari shikastlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan. Moskva vaqti bilan soat 7:40 da yong‘in qurshab olindi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Rossiya Federatsiyasining chegaradosh hududlari muntazam ravishda o‘qqa tutilib, uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchramoqda.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024