Jahon | 15:23 / 13.05.2024
2801
3 daqiqa o‘qiladi

Yerevandagi bo‘ysunmaslik namoyishida 150 dan ortiq kishi qo‘lga olindi

Yerevanda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi chegarani delimitatsiya qilishga qarshi «Tavush Vatan uchun» harakati chaqiriq bilan chiqqan itoatsizlik aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: DW

Armanistonda bosh vazir Nikol Pashinyanning Ozarboyjon bilan ziddiyatni hal qilish borasidagi siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. 13 may, dushanba kuni Yerevanda o‘tkazilgan aksiyada 150 dan ortiq kishi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda mahalliy OAV, jumladan Tert.am va Yerevan.today nashrlari politsiyaga tayanib.

Bu ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilar Armaniston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 182-moddasi, ya’ni qonun talablarini bajarmaganliklari uchun qo‘lga olingan. Ushlanganlar bilan advokatlar va muxolifatchi deputatlarga ko‘rishishga ruxsat berildi, deyiladi qo‘shimcha ravishda. 

13 may erta tongdan Yerevanda «Tavush» harakati chaqiriq bilan chiqqan, Pashinyanning iste’fosini va Ozarboyjon bilan chegarani delimitatsiya qilish jarayonini to‘xtatishni talab qilgan itoatsizlik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, namoyishchilar bir qator ko‘chalarni chiqindi qutilari, yo‘l belgilari va pichanlar bilan to‘sib qo‘ygan. 

Yerevan 4 ta hududiy birlikni Bokuga boy berdi 

Avvalroq Armaniston tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku chegaraning alohida uchastkasi bo‘yicha demarkatsiya, jumladan, Tavush viloyati va Ozarboyjonning shimoli-g‘arbiy G‘azax viloyati o‘rtasidagi to‘rtta qishloq hududiy mansubligi haqida avval kelishib olganini ma’lum qilgandi. 1990-yillarning boshidan bu hududlar Armaniston tomonidan nazorat qilingan, biroq 2020 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy mojaro natijasida ular Ozarboyjonga o‘tdi. 

Mahalliy aholi bu qarorga keskin qarshi chiqdi va norozilik namoyishini boshladi. 4 may kuni namoyishchilar «Tavush Vatan uchun» marshini boshlab, 9 may kuni Yerevanga yetib borib, u yerda norozilik mitinglarini o‘tkazdilar. Telegram-kanallari ma’lumotlariga ko‘ra, 9 may kuni o‘tkazilgan aksiyada 20 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. Namoyishda ko‘pchilik Arman Apostol cherkovining Tavush yeparxiyasi rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyan boshchiligidagi «Tavush Vatan uchun» harakati tarafdorlari bo‘lib, u Pashinyanga iste’foga chiqish to‘g‘risida ultimatum qo‘ygan.

2023 yil sentabr oyida Boku ikki kunlik harbiy amaliyotlar natijasida tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi» hududini to‘liq nazorat ostiga oldi. TQR tugatildi, 120 ming arman bahsli hududni tark etdi. Armaniston va Ozarboyjon mojaroni hal qilish uchun muzokaralar olib bormoqda. 

Mavzuga oid