Sport | 14:08 / 13.05.2024
9800
7 daqiqa o‘qiladi

«Yosh o‘yinchilar mashg‘ulotga ham qatnay olmayapti». Samarqandga futbol kerak emasmi?

Samarqand viloyatining O‘zbekiston chempionatlaridagi yagona futbol klubi «Dinamo» jamoasi moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Superliga ishtirokchisiga aylangan, ammo ko‘hna shahardagi «Dinamo» va «Afrosiyob arena» stadioni talabga javob bermasligi bois, o‘z o‘yinlarini Jizzaxda o‘tkazayotgan klub a’zolariga uch oydan buyon maosh berilmayapti. Muxlislar esa Samarqandga katta futbol qachon qaytishini bilmay halak.

«Bunday holatni kuzatish og‘riqli»

O‘zbekistonlik taniqli sobiq futbolchi, joriy mavsumdan «Dinamo» o‘rinbosarlar jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan Andrey Pyatnitskiy «Fergana» nashri muxbiri bilan suhbatda «Dinamo» jamoasida bu yil hisobidan faqat bir marta – yanvar oyi maoshi berilganini ma’lum qilgan.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, safar o‘yinlariga borib-kelish, jamoani zarur anjomlar bilan ta’minlash masalasida hammasi joyida, faqatgina futbolchilar, murabbiylar va klub ishchilariga maosh to‘lash masalasida muammolar kuzatilmoqda.

«Maosh berilmayotgani uch oyga cho‘zildi. O‘zimni futbolchilarning o‘rniga qo‘yib ko‘rib aytaman – sabr qilish mumkin, ammo unchalik ko‘pga emas. O‘rinbosarlar safidagi ko‘plab o‘yinchilar shaharga tumanlardan qatnaydi. Ba’zida pul yo‘qligi uchun yosh o‘yinchilar mashg‘ulotlarga ham qatnay olmayapti. Ularning ota-onasida ham gohida o‘sha pul topilmaydi. Shu sabab jamoadagi intizom masalasiga qaramay, ularga nisbatan chora ko‘rishga qo‘lim bormaydi. Samarqand – futbolni juda sevadigan va ardoqlaydigan ajoyib turistik shahar. Ammo bunday holatni kuzatish og‘riqli.

Bu yerda shu yildan ishlashni boshlaganim bois, ochig‘i bu men uchun kutilmagan hol. Fikrimcha, hozirgi holatdan asosiy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ham hayron qolayotgandir. Barchasi tezroq hal bo‘lishiga va biz o‘z ishimizni davom ettirishga umid qilaman», - deydi Pyatnitskiy «Fergana» muxbiri bilan suhbatda.

«Dinamo» xususiy klubmi yoki viloyat jamoasi?

«Dinamo» futbol jamoasi O‘zbekiston chempionatidagi boshqa viloyat klublari singari hokimlik qaramog‘idagi jamoa sanalasa-da, 5 yildan buyon «Agromir Buildings» kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilmoqda va bu davrda klubda moliyaviy muammo kuzatilmagan.

Yaqinda O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev «Sport» telekanalidagi chiqishida Superliga klublarining xususiylashtirish masalasiga to‘xtalib, O‘zbekistonda hozirga kelib faqat «Surxon» va «Dinamo» deyarli xususiy ekani, «Paxtakor» ham shu yo‘ldan borib, Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan moliyalashtirilishi haqida ma’lum qilgandi. Surxondaryo klubi «Eriell» neftgaz kompaniyasi boshqaruv raisi Baxtiyor Fozilov tomonidan sotib olingan bo‘lsa, Samarqand jamoasi «Agromir Buildings» kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan. Superliganing qolgan klublari esa viloyat hokimiyatlari va davlat ulushi bor yirik korxonalar homiyligi ostida qolmoqda.

Samarqand jamoasi nega Jizzaxda o‘ynamoqda?

«Dinamo» bu yildan Superliga ishtirokchisiga aylangan bo‘lsa-da, Samarqand shahridagi ikkita stadion – «Dinamo» va «Afrosiyob arena» o‘yingohlari O‘zPFL talablariga javob bermasligi bois, viloyatning bosh jamoasi qo‘shni Jizzaxda o‘z uy o‘yinlarini o‘tkazib kelmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joiz, o‘tgan yillar davomida aynan shu kamchilik tufayli O‘FA va OFK Osiyo kubogi U23 caralash bosqich o‘yinlarini Samarqandda emas, Toshkent, Farg‘ona va Qarshida o‘tkazgandi. Bu yil esa FIFA futzal bo‘yicha jahon chempionati mezbonligini O‘zbekistonga topshirib, turistik salohiyati va mehmonxonalar masalasidagi ustunlik sabab Samarqandda ham o‘yinlar o‘tkazilishi ko‘rib chiqilgandi, ammo sport infratuzilmasidagi kamchiliklar tufayli mezbonlik Toshkent, Andijon va Buxoroga ishonildi. O‘FA tashabbusi bilan qur’a tashlash marosimi uchun Samarqanddagi Registon maydoni tanlandi. Ko‘hna shahardagi stadion va sport infratuzilmasi ham yaxshilansa, Samarqand nafaqat siyosiy va madaniy markaz, balki yirik nufuzli musobaqalar mezboniga ham aylana olardi.

«Dinamo» stadioni chimi o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi eng yaxshilaridan biri sanalsa-da, drenaj tizimi yo‘qligi bois, PFL maydonni to‘liq yangilash talabini qo‘ygan edi. O‘tgan uch oy davomida maydon chimi yangilanib, hozirga kelib tayyor holatga kelgan, ammo «Dinamo» hamon Samarqandda o‘ynay olmayapti. Gap shundaki, stadion maydonini to‘liq yangilagan firma bilan hamon hisob-kitob qilinmagani, Samarqand viloyati hokimining «Dinamo» stadionini 2024 yilgi futbol mavsumiga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbir rejasi mart oyida tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, o‘yingohda zarur ishlar hali ham bajarilmagani – O‘zbekiston Professional futbol ligasining jamoaga o‘z o‘yingohida to‘p surishga ruxsat bermayotganiga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘hna shaharga futbolning qaytishi umidi

O‘zbekistonda futbolga mamlakat prezidenti darajasida yuksak e’tibor qaratilayotgan va buning natijasida futbolchilarimizning ilk bor Parij-2024 Olimpiadasiga yo‘llanma olib, yurtimizda futbol bayramiga sabab bo‘layotgan bir paytda, ko‘hna shaharda «millionlar o‘yini» rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarga panja ortidan qaralayotgani oqibatida 4 milliondan ortiq aholiga ega viloyat katta futboldan bebahra qolayotgani muxlislarni ranjitmoqda.

«Dinamo» jamoasi navbatdagi uy uchrashuvini 20 may kuni amaldagi chempion «Paxtakor»ga qarshi o‘tkazishi lozim. Superliganing har bir o‘yini vodiydan vohagacha futbol muxlislari uchun bayramga aylanayotgan pallada «Dinamo» ham kelasi hafta Samarqandda 2024 yildagi ilk uchrashuvini o‘tkazishiga va ko‘hna shaharda futbolning rasman qaytishiga umid bildirib qolamiz.

A.Izzatillayev

Mavzuga oid