O‘zbekiston | 13:46 / 23.05.2024
9871
4 daqiqa o‘qiladi

Televideniyeda ijtimoiy-siyosiy tok-shoular ko‘paydi. Jarayon qanday ketyapti?

Aprel oyi boshidan O‘zbekistonda katta auditoriyaga ega nodavlat telekanallar siyosiy-ijtimoiy mavzular muhokamasiga bag‘ishlangan tok-shoularni efirga uzata boshladi. O‘tgan 1,5 oy mobaynida ta’limdan tortib siyosatgacha, sog‘liqni saqlashdan tortib turizmgacha ekspertlar ishtirokida suhbatlar taqdim etib kelinmoqda.

Hozirgacha 1 telekanal jonli, 4 ta telekanal esa odatiy uslubda tok-shoularni xalqqa namoyish qilyapti.

Kun.uz muxbiri Shohrux Majidov jarayonning borishi yuzasidan ijodkorlar bilan suhbat uyushtirdi. Unda hozircha yuqoridagi vazifaning asosiy bo‘lagi bo‘lib ko‘rinayotgan tok-shoular, ularni suratga olish masalasi va tizimli holatlar muhokama mavzusi bo‘ldi.

“Zo‘r TV” telekanali boshlovchisi, “O‘zimizda” tok-shousi loyiha rahbari Sirojiddin O‘sarovga ko‘ra, jarayon oson kechayotgani yo‘q. Uning bu boradagi fikrlarini “Renessans TV” bosh muharriri, “Renessans minbari” tok-shousi loyiha rahbari Jasur Rahmon ham tasdiqlaydi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, mavzu tanlash, ularni sodda va xalqona tilda auditoriyaga yetkazish, ekspertlarni muhokamaga jalb etish – ham ma’suliyat, ham katta tajriba talab qiladi.

Sirojiddin O‘sarovga ko‘ra, xorijdan kelayotgan, milliylikka yot g‘oyalarga qarshi turish uchun ham milliy kontent zarur. U, shuningdek, ko‘rsatuv ustida katta jamoa ishlayotgani, mavzular xilma-xilligi hamda erkinligini aytib, tez kunlarda bu tok-shoular xalq qiziqishini jiddiy uyg‘otishiga umid qilayotganini bildirdi.

Bundan tashqari, boshlovchi O‘sarov faqat bunday muhokamalar bilan chegaralanmaslikni, media-mahsulotlar turi xilma-xil bo‘lishi kerakligini ham qo‘shimcha qildi.

“Men saviyali kontent qilaman, uni kim ko‘radi, reyting qanday bo‘ladi, menga umuman qiziq emas”, deydi “Zo‘r TV” vakili.

Jurnalist Jasur Rahmon esa o‘z telekanalidagi loyihaga to‘xtalar ekan, tok-shouning jonli efirda uzatilishini – auditoriyaning qiziqishi hamda tomosha qilish istagini uyg‘otishda asosiy sabab qilib ko‘rsatdi. Shuningdek, “chegaralar” va senzura ham bu uslubdagi efirda kamroq ekanini urg‘uladi.

“Uzoq yillar davomida odamlar televideniye orqali seriallar hamda bachkana ko‘rsatuvlarga o‘rgatildi. Endi bizning vazifamiz ularni saviyali kontent muxlisiga aylantirish. Auditoriyani qaytarish kerak, deydi Jasur Rahmon.

Muhokamada qatnashgan siyosatshunos va taniqli ekspert Kamoliddin Rabbimovning fikricha, O‘zbekiston milliy kontentni yaratishda kechikdi. Milliy kontent bu – tashqaridan bo‘layotgan xurujlarga davlatning ichidan javob degani.

“Televideniye sekin-sekin xalqni o‘ziga qaytarishga harakat qilmoqda. Lekin bu oson bo‘lmaydi. Birinchi navbatda senzura bo‘lmasligi, axborot manbasi ko‘payishi, mediada plyuralizm bo‘lishi lozim”, deydi Rabbimov.

Mavzuga oid