O‘zbekistonda bola o‘g‘rilari paydo bo‘lgani rostmi? - IIV mas’uli bilan suhbat
Ijtimoiy tarmoqlarda bola o‘g‘irlanishi haqidagi xabar paydo bo‘lmoqda. Bunday xabarlarga odamlar odatda tez ishonadi, guruhlarda tarqatib, sarosimalarga sabab bo‘lishmoqda. Xo‘sh, bola o‘g‘rilari chiqqani rostmi? Kun.uz mavzu bo‘yicha IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimi, kapitan Shokirjon Hoshimov bilan suhbatlashdi.
— Xalqimizda shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, degan maqol bor. Hozirgi kunda bola o‘g‘rilari haqidagi xabarlar tarqalishiga asosiy sabab nima? Bu xabarlar qanchalik rost?
— So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa Telegram-kanallarda bola o‘g‘rilari haqida, biror videoga bola o‘g‘rilari ushlangani haqida izohlar yozib tarqatilyapti. Asosan ayollar tomonidan bog‘cha opalarga yoki boshqalar murojaat sifatida «bola o‘g‘rilari paydo bo‘libdi, ehtiyot bo‘linglar», qabilida yozilgan xabarlar tarqalyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan audio, videoxabarlar IIO xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. So‘nggi yillarda 20 ga yaqin shunday audio/video xabarlar tarqagan va birortasi o‘z tasdig‘ini topmagan. Fuqarolar tomonidan mahallalariga kirgan begona shaxslardan gumonsirab video tarqatgan holatlar ko‘p uchraydi, lekin bola o‘g‘irlashga aloqasi yo‘q bu holatlarning.
Turli audioxabarlar tarqatayotganlar shunchaki ogohlikka chaqirayotgan bo‘ladi yoki shubhalariga oydinlik kiritmasdan tarqatgan bo‘ladi.
— So‘nggi xabarlarga e’tiborimizni qaratsak. Masalan, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida, Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanidagi holatlarda nima bo‘lgan aslida?
— Farg‘onadagi holatda katta yoshli shaxs yosh bolani mashinasiga chiqarib olgani tasviri tarqagan. Ko‘rgan odamda o‘g‘irlab ketyapti, degan tushuncha bo‘ladi. Ushbu holatda mashinasiga tosh otgan qo‘shnisining bolasiga dakki berish maqsadida mashina yukxonasiga olib chiqadi, shunda bolaning onasi chiqib o‘rtada tortishuv kelib chiqadi. Mashina egasiga ma’muriy jazo qo‘llangan.
Qumqo‘rg‘ondagi holatda esa o‘sha hududda savdo qilib yurgan moldovaliklar bilan mahalliy aholi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan va bu tasvirga olinib, bola o‘g‘risi ushlandi, deb xabar tarqatilgan. Ikki holat ham o‘rganilib, izohlar noto‘g‘ri ekani tasdiqlangan.
— Bola o‘g‘rilari yo‘q bo‘lsa, nega tez-tez bola o‘g‘rilari bilan bog‘liq xabarlarga duch kelyapmiz?
1 Foto: Kun.uz
— Yurtdoshlarimiz bolajon, farzandiga ehtiyot bo‘ladi. Mana shundan foydalangan ko‘pgina Telegram-kanallari o‘z auditoriyasini kengaytirish maqsadida shunday xabarlar tarqatmoqda. Rasmiy kanallar bunday xabar chiqqanda ichki ishlar organiga murojaat qilib, oydinlik kiritishni so‘raydi, lekin bunaqa tarqatayotgan kanallar bunday qilishmaydi. Yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun ham javobgarlik borligini esdan chiqarmaslik kerak.
Hozirgi kungacha ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan birorta xabar tasdiqlanmagan va bola o‘g‘rilari haqida murojaat kelib tushmagan. Shunday bo‘lsa ham, ota-onalar farzandini nazoratsiz qoldirmasligi kerak. Bedarak yo‘qolgan bolalar keysida ko‘pincha qarovsiz qoldirilgani sabab cho‘kib ketish holatlari ham bo‘ladi. O‘tgan yili Toshkent viloyatida 2 yoshli bola yo‘qolgan, qidiruvlar natijasida bola hovlisidan bir necha chaqirim uzoqlikdagi quduqdan vafot etgan holda topilgan. Shuning uchun ota-onalar hushyor bo‘lib, farzandlarini nazorat qilishi kerak bo‘ladi.
— 2023 yil va 2024 yil o‘tgan davrida yo‘qolgan bolalar bilan bog‘liq nechta holat aniqlangan?
— Kuniga bedarak yo‘qolgan shaxslar to‘g‘risida o‘nlab murojaatlar kelib tushadi, 90-95 foizi o‘sha kuniyoq topilgani uchun bedarak yo‘qolgan sifatida qayd etilmaydi. 2024 yilning may oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida 168 nafar shaxs bedarak yo‘qolgan deb topilgan va ularning 10 foizi voyaga yetmaganlar.
Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq holatda asosan bola ota-onasi bilan kelishmovchilik yoki o‘ziga vaqt ajratish shartlarini qo‘yish maqsadida uydan chiqib ketadi. Ruhiy nosog‘lom bolalarda ham ko‘pincha bahor oylarida uydan chiqib ketish yoki adashib qolish holatlari uchraydi.
— Qidiruv ishlari qanday bo‘ladi, yosh toifasiga nisbatan turlicha bo‘ladimi?
— Ichki ishlar organiga bedarak yo‘qolgan shaxs haqida xabar kelgach, navbatchilik qismlari tomonidan barcha hududiy ichki ishlar organlariga shaxs haqida ma’lumotlar tarqatiladi. Asosan profilaktika inspektorlari, post-patrul xizmati xodimlariga yuklatiladi, chunki ular bevosita muntazam aholi orasida bo‘ladi. Har kuni ertalab kunlik vazifalar taqsimlanayotganda bedarak yo‘qolgan shaxslar haqida ma’lumot beriladi va qidiruv ishlari olib boriladi. Hozirgi kunda internetdagi e’lonlar ham yo‘qolgan shaxslarni topishda yordam beryapti. Yo‘qolgan shaxslarni topishda yordam bergan fuqarolarimiz belgilangan tartibda rag‘batlantirib boriladi.
— Tug‘uruqxonalarda chaqaloqlar yo‘qolishi holatlari ham bo‘ladimi?
— Tug‘uruqxonalarda chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liq holatlar uchrab turadi, asosan ikki taraf kelishuvi bilan moddiy manfaat evaziga.
— Tarmoqlarda asossiz ma’lumotlarni tarqatib, vahima uyg‘otayotgan kimsalarning shaxslarini aniqlash bo‘yicha qanday ishlar olib borilyapti va ularga nima choralar ko‘rilmoqda?
— Bu bo‘yicha jabr ko‘rgan shaxslar tomonidan murojaat qilinganda tegishli tartibda ko‘rib chiqiladi ish. Ma’lumotni tekshirmasdan, noxolis tarqatish vaziyatni chigallashtiradi. Qumqo‘rg‘ondagi holatda ham yolg‘on axborot sabab fuqarolar va chet ellik shaxslar o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.
Yolg‘on tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksiga muvofiq javobgarlik belgilangan. Bu holat bir yil ichida takrorlansa, jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘lishi mumkin.
Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:56 / 26.11.2024
Rossiyada 174 ming nafar politsiyachi yetishmayotgani ma’lum bo‘ldi
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
17:34 / 04.09.2024