Jahon | 18:26 / 25.06.2024
14384
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro jinoiy sud Shoygu va Gerasimovni hibsga olishga order berdi

Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri va bosh shtab rahbari ehtimoliy xalqaro jinoyatlarda gumon qilinmoqda. 

Foto: TASS

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri, Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni hibsga olishga order berdi. 

«II Xalqaro jinoiy sudning sudgacha bo‘lgan palatasi Ukrainada 2022 yil 10 oktyabrdan kamida 2023 yil 9 martiga qadar sodir etilgan ehtimoliy xalqaro jinoyatlar bo‘yicha ikki shaxsni – Sergey Kujugetovich Shoygu va Valeriy Vasilevich Gerasimovni hibsga olish uchun order berdi», deyiladi sud bayonotida. 

XJS aniqlik kiritganidek, «ikki gumondorni kamida 2022 yil 10 oktyabridan 2023 yil 9 martiga qadar Rossiya harbiy kuchlari tomonidan Ukraina elektr infratuzilmasiga uyushtirilgan raketa hujumlari uchun javobgar deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud». Bu vaqt ichida Rossiya armiyasi «Ukrainaning turli nuqtalaridagi ko‘plab elektr stansiyalari va nimstansiyalariga ko‘plab hujumlar uyushtirdi», deyiladi bayonotda. 

Sud Ukraina energetika tizimiga qilingan hujumlarning maqsadga muvofiq emasligi va tinch aholiga ko‘proq zarar yetkazganiga ishonadi. 

Rossiya Xavfsizlik Kengashi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, XJS sudgacha bo‘lgan palatasining Sergey Shoyguga qarshi qarori «umuman arzimaydi» va «G‘arbning Rossiyaga qarshi gibrid urushining bir qismi sifatida» qabul qilingan. 

2023 yil mart oyida XJS Tergov palatasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan edi. XJS qarori «2022 yil 24 fevraldan boshlab Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan Ukraina hududlaridan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish bo‘yicha» ish doirasida qabul qilingan. 

Mavzuga oid