O‘zbekiston | 09:19 / 06.07.2024
15632
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda 6 yoshli bolani mashina yukxonasiga solgan shaxsga hukm o‘qildi

Qo‘shni bolakay uyining devor va oynasiga tosh otgani uchun uni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida Nexia mashinasi yukxonasiga solib qo‘ygan erkak birovni zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangandi.

Foto: Videodan kadr

Qo‘qonda 6 yoshli bolani o‘ziga tegishli Nexia mashinasi yukxonasiga solib, mashinani harakatlantirgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 37 yoshli A.M. 2024 yil 14 may kuni soat 19:30 larda Qo‘qon shahri, Parpashabof mahallasi, Obod yurt ko‘chasi 21-uy oldida 2018 yilda tug‘ilgan qo‘shni bolakay unga tosh otganligidan jahli chiqib, uni Nexia mashinasi yukxonasiga solib qo‘ygan. U ushbu harakati bilan bolani g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgan.

Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida o‘sha kuni hovlisida ish bilan band bo‘lganida voyaga yetmagan qo‘shni bola devor ortidan tosh otganini, bir necha bor bunday qilmaslikni ta’kidlaganini, otilgan toshlardan biri peshonasiga tegib o‘tgach jahli chiqqannini hamda shu uchun bu ishni qilganini bildirgan. U bolani qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lgani, uni o‘g‘irlash maqsadi bo‘lmaganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Ushbu voqea sodir bo‘lgandan so‘ng qo‘shnimning uyidagi videokamerani ko‘zdan kechirdim. Haqiqatan ham o‘g‘lim J.M. sudlanuvchi A.M.ning xonadoniga tosh otgan ekan. Agar o‘g‘lim tosh otmaganida bu voqea ham sodir bo‘lmasdi. O‘g‘limni sudlanuvchi o‘z mashinasining yukxonasiga qamab qo‘ygani tasvirlangan videolavhaning internetda tarqab ketishiga mening aloqam yo‘q, bir tanishim tarqatib yuborgan. Hozirda sudlanuvchiga nisbatan da’vom yo‘q, unga nisbatan yengillik berishingizni so‘rayman”, degan bolaning onasi suddagi o‘z ko‘rsatmasida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2024 yil 12 iyundagi hukmi bilan A.M. Jinoyat kodeksining 138-moddasi 1-qismida (birovni zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 2024 yil 17 maydan 12 iyunga qadar qamoqda o‘tirgan har bir kuni axloq tuzatish ishlari jazosining 3 kuniga tenglashtirib, tayinlangan jazodan 78 kunni chegirib tashlangan hamda o‘tash uchun 1 yil 9 oy 12 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirilgan.

Avvalroq ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u protsessual tartibda ushlangani xabar qilingandi

Mavzuga oid