Sport | 00:19 / 07.07.2024
6903
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Berlinda. U futbol o‘yini uchun Shushaga tashrifni bekor qilgan

Foto: Shutterstock

Turkiya prezidenti Rajab-Toyyib Erdo‘g‘an Germaniya poytaxti Berlinga yetib bordi. U Turkiya milliy jamoasini Yevropa chempionati chorakfinali doirasidagi Niderlandiyaga qarshi o‘yinda stadiondan qo‘llab-quvvatlaydi.

Erdo‘g‘an Berlindagi o‘yinga borish uchun Ozarboyjonning Shushu shahridagi turkiy davlatlar yetakchilari norasmiy uchrashuvini bekor qilgandi. Turkiya yetakchisi mamlakat milliy jamoasi himoyachisi Merix Demiral atrofidagi mojaro avj olgach, Germaniyaga borib, futbolchilar ruhiyatini qo‘llashga qaror qilgan.

Yevroda siyosiy mojaro: Demiral millatchilik uchun jazolanishi mumkin

Erdo‘g‘anga Germaniya safariga doimgidek rafiqasi Amina Erdo‘g‘an va ikki maslahatchisi hamrohlik qilgan. Turkiya prezidentini aeroportda mamlakat sport vaziri Osman Ashkin Bak, turkiya elchisi va boshqa rasmiylar kutib olgan.

Turkiya va Niderlandiya o‘rtasidagi Yevropa chempionati chorakfinali Berlindagi Olimpiya stadionida Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlandi. G‘olib yarimfinalda Angliyaga qarshi o‘ynaydi.

Mavzuga oid