Jahon | 13:05 / 24.07.2024
10650
3 daqiqa o‘qiladi

Nepalda samolyot qulab tushdi. Kamida 18 kishi halok bo‘lgan

Katmandu aeroportida Saurya Airlines aviakompaniyasining bortida 19 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi.

Foto: Getty Images

Kathmandu Post nashri yozishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot qulagan joyda 18 kishining jasadi topilgan.

Sinov parvozini amalga oshirgan samolyotda Saurya Airlines aviakompaniyasining 17 nafar texnik xodimi hamda ekipajning ikki a’zosi bo‘lgan.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida uchish-qo‘nish yo‘lagidan havoga ko‘tarilishidan ko‘p o‘tmay qulagan. U Pokxaraga uchib borishi kerak edi.

Internetda e’lon qilingan videokadrlarda samolyot qulaganidan keyin olov va tutun ichida qolganini ko‘rish mumkin. Hodisadan keyin voqea joyiga o‘t o‘chirish mashinalari va tez yordam karetalari yo‘llangan.

Qutqaruvchilar xarobalar orasidan kemaning 37 yoshli kapitanini tirik holda olib chiqishgan va u shifoxonaga olib ketilgan.

Aviakompaniya saytiga ko‘ra, u parvozlar ekspluatatsiyasi bo‘yicha direktor ham sanaladi.

Politsiya vakili Dan Bahadur Karki BBC Nepal xizmatiga odamlar halokatini tasdiqlagan va uchuvchi jarohatlar bilan davolanishda ekanini qo‘shimcha qilgan. 

Meropradesh nashri esa aviakompaniyaga asoslangan holda bortda 19 xodim bo‘lgani va ulardan 15 nafari halok bo‘lib, to‘rt nafari omon qolganini xabar qilgan.

Kompaniya saytiga ko‘ra, Saruya Airlines Nepaldagi besh yo‘nalish bo‘yicha reyslarni amalga oshiradi, uning parkida Bombardier CRJ-200 rusumli uchta samolyot mavjud.

ABC Nepal nashri aniqlik kiritishicha, qulagan layner — Bombardier CRJ 200 bo‘lib, u Pokharaga texnik xizmat ko‘rsatish uchun olib ketilayotgandi. Nepal Khabar samolyotning seriya raqamini keltirgan — 9N AME-CRJ-200. OAVdagi ma’lumotlarga qaraganda, kompaniya uni 2017 yilda xarid qilgan, samolyot 50 o‘rinli bo‘lgan.

Nepal bunga qadar ham parvozlar xavfsizligi darajasi pastligi tufayli bir necha bor tanqid qilingandi.

2023 yil yanvarida Yeti Airlines aviakompaniyasi samolyoti qulab tushishi oqibatida kamida 72 kishi halok bo‘lgandi, keyinroq halokatga uchuvchilar xatosi sabab bo‘lgani aniqlangan.

Mavzuga oid