Jahon | 07:55 / 30.07.2024
2822
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yangi fuqarolar uchun harbiy xizmat muddatini oshirmoqchi

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi yaqin kunlarda Rossiya fuqaroligini olgan erkaklar armiyasidagi xizmat muddatini ikki yilga uzaytiradigan, shuningdek, harbiy xizmatga chaqirilish yoshini oshiradigan tuzatishlar kiritishni rejalashtirmoqda.

Foto: Kirill Kuxmar / TASS

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Rossiya fuqaroligini olgan erkaklar armiyadagi xizmati muddatini ikki yilga uzaytirmoqchi. Bu haqda 29 iyul, dushanba kuni parlament quyi palatasi saytida ma’lum qilindi. Deputatlar, shuningdek, mamlakatning yangi fuqarolari uchun harbiy xizmatga chaqirilish yoshini oshirishni xohlayapti, ammo qanchaligi haqida xabar berilmagan. Duma tegishli tuzatishlarni bahorgi sessiya tugagunga qadar, ya’ni 5 avgustgacha qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin, bundan tashqari, Rossiya fuqaroligiga qabul qilish uchun harbiy ro‘yxatga olish shartini taklif qildi. Bu Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sifatida pasport olish bilan bir vaqtda sodir bo‘ladi deb taxmin qilinadi.

Fevral oyi boshida «Yagona Rossiya» va LDPR partiyalaridan bir guruh deputatlar Dumaga Rossiya fuqaroligini olgan erkaklarning chaqiruv yoshini 30 yoshdan 50 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etishdi. Biroq Volodinning tanqididan keyin hujjat qaytarib olingan. «Bunday mavzularni kiritishdan oldin har tomonlama muhokama qilish kerak», dedi Davlat dumasi spikeri.

Rossiya allaqachon 10 000 muhojirni urushga jo‘natgan

27 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Rossiyada yaqinda fuqarolikni olgan, ammo harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan 30 mingdan ortiq sobiq muhojirlar aniqlangani haqida ma’lum qildi. Ularning barchasi majburiy ro‘yxatga olingan va «allaqachon 10 mingga yaqini» Ukrainaga qarshi urushga yuborilgan, dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari.

Huquq himoyachisi Valentina Chupikning DW nashriga aytishicha, 2022 yilning 22 fevralidan boshlab «O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston fuqarolari va boshqa muhojirlar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga ko‘ndirilgani haqida xabarlar ko‘paymoqda». Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga ishlash uchun kelgan odamlarni aniqlab, ularni harbiy komissarliklarga olib borishgan va u yerda tahdid, va’da yoki aldash yo‘li bilan armiya bilan shartnoma imzolashga majbur qilishgan. Rossiya pasportini olganlarga harbiy ro‘yxatga olish bo‘limiga chaqiruv qog‘ozi berilgan.

Mavzuga oid