O‘zbekiston | 07:07 / 31.07.2024
15567
2 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Dilbar G‘ulomova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Joriy yilning 30 iyul kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Dilbar G‘ulomovani boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimdan ozod qilish to‘g‘risidagi hamda Matluba Qahhorovani Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari etib tayinlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston prezidenti qarori o‘qib eshittirildi.

Ma’lumot uchun, Dilbar G‘ulomova 2019 yilda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada yangi ochilgan xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishiga rahbar etib tayinlanib, Qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan edi.

Tadbirda Dilbar G‘ulomovaning milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, asrab-avaylash hamda jamiyatda diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi faoliyati alohida e’tiborga sazovorligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Dilbar G‘ulomovaga Qo‘mita raisining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, Matluba Qahhorovaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi.

Mavzuga oid