Samarqandda haydovchilar uchun yagona imtihon markazi ochildi
Samarqandda viloyat imtihon markazi ochildi. Endi avtomaktablarda o‘qigan bo‘lajak haydovchilar haydovchilik guvohnomasini olish uchun shu maskanga kelib, nazariy va amaliy imtihon topshiradi.
Superfosfat zavodining ort tomonida, Past Darg‘om tumani hududida ochilgan imtihon markazining ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov chiqish qildi. U imtihon markazining ochilishidan maqsad, haydovchilik guvohnomasini olishda tanish-bilishchilik va korrupsiyaga barham berish ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
So‘ngra Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Ibragimov bunday markazlarning ahamiyati haqida gapirdi.
Ushbu innovatsion majmuada imtihonning nazariy qismida birvarakayiga 25 kishidan test olish mumkin. Avtopoligonda esa 10 ta kursant bir vaqtning o‘zida amaliy imtihon topshirsa bo‘ladi.
Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Nomzod Markazga kelganida o‘ziga tegishli individual QR-kodini oladi, bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.
Maslan, nazariy imtihondan o‘tish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga to‘g‘ri javob berish talab etiladi, bunga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Agar ushbu sinov bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tsa, nomzod haydovchilik bo‘yicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Kutish zalida unga zarur ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashg‘ulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi to‘liq aks ettirilgan video ma’lumotnoma namoyish etiladi.
Mashinani kursantning bir o‘zi boshqaradi. Mashina boshqaruvi asnosida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun beriladigan jarima ballari 99 ball chegarasidan oshib ketmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi.
Nomzod amaliy imtihondan o‘ta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin. Agar bu muddat ichida topshira olmasa nazariy imtihonni ham boshqatdan topshiradi.
Amaliy imtihonni topshirish uchun Markazda uchta maydonga bo‘lingan avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud. Birida «B», «C» va «D» toifalari, ya’ni yengil avtomobil, yuk mashinasi va avtobusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga da’vogar nomzodlar imtihon topshiradi.
Ikkinchi maydonda esa «A» toifasi uchun – mototransport boshqarish huquqiga ega bo‘lishni xohlovchilar amaliy ko‘nikmalarini namoyish etadilar.
Uchinchi maydon «BE», «CE» va «DE» toifalari uchun, ya’ni tirkamali avtotransport vositalarini boshqarish bo‘yicha imtihonlarga mo‘ljallangan.
Nazariy va amaliy imtihonlar bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun Markazda ekspress-kurslar mavjud.
Imtihonlarning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli topshirilganidan so‘ng, sertifikat beriladi, nomzodlar bu sertifikat bilan YHXBga murojaat qilishlari lozim. Sertifikat ma’lumotlar bazasida tekshirilganidan so‘ng, ularga belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.
Imtihon markazi direktori Sergey Krot markaz hoziroq ishga tushgani va unda imtihon topshirish uchun nimalar kerakligini sanab o‘tdi:
Avtomaktabni tugallab kelayotgan yangi kursantlar uchun imtihon topshirishga belgilangan narxlar birinchi marta uchun nazariy va amaliy imtihonlarda 500 ming so‘mdan, qayta imtihon topshirish uchun 600 ming so‘mdan qilib belgilangan.
Bugungi kunda yo‘l harakati xavfsizligi masalasi juda dolzarb. Samarqanddagi ushbu markaz respublikamizda ochilgan markazlarning to‘qqizinchisi bo‘ldi.
Ushbu markazlarning faoliyati haydovchilik guvohnomasini olish sohasidagi korrupsiyaga to‘liq barham berish imkoni borligini amalda namoyon etdi. Bu, o‘z navbatida, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning muhim shartidir, chunki imtihon muvaffaqiyatli topshirgani to‘g‘risidagi guvohnomani faqat yo‘l harakati qoidalarini, haydovchilik ko‘nikmalarini bilgan va buni amalda qo‘llay oladiganlargina olishlari mumkin.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024