O‘zbekiston | 09:43 / 11.08.2024
4291
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda YPX xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi qo‘lga olindi

Haydovchi mast qiluvchi ichimlik iste’mol qilib qo‘lga tushgan va o‘ziga chora ko‘rmaslik hamda mashinani jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 300 dollar taklif qilgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqandda mast haydovchi YPX xodimiga o‘ziga chora ko‘rmaslik evaziga pora bermoqchi bo‘lganida ushlangan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 8 avgust kuni sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat IIB YHXB xodimlari Past Darg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onida xizmat vazifasini olib borayotganda 4R-46 avtomobil yo‘lidan kelayotgan VAZ-2107 mashinasini to‘xtatishgan.

Haydovchining hujjatlarini ko‘zdan kechirish jarayonida u spirtli ichimlik iste’mol qilganlikda gumonlanib maxsus apparat orqali tekshirib ko‘rilgan. Shunda haydovchi mast qiluvchi ichimlik ichib mashina boshqarayotgani aniqlangan.

Holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi jarima maydoniga qo‘yilgan.

Shundan so‘ng fuqaro mashinani jarima maydonidan chiqarish va o‘ziga nisbatan chora ko‘rmaslik evaziga YPX xodimiga 300 dollarni pora tariqasida taklif qilgan.

YPX xodimining bu haqda viloyat IIB boshlig‘i nomiga yozgan bildirgi xatiga binoan 8 avgust kuni IIV Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Past Darg‘om tumani prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda haydovchi YPX xodimiga uning xizmat xonasida 3 mln 550 ming so‘m pullarni pora tariqasida berayotganda qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid