Jahon | 12:10 / 16.08.2024
4929
2 daqiqa o‘qiladi

NASA ikki astronavtni Yerga qaytarish haqidagi masala ustida ishlamoqda

Avgust oyi oxirida NASA Barri Batch Uilmor va Sunita Uilyamsni XKSdan qaytarish uchun Boeing kompaniyasining Starliner kemasi yoki SpaceX’ning Crew Dragon kapsulasidan foydalanish to‘g‘risida bir qarorga keladi.

Sunita Uilyams va Barri Batch Uilmor Foto: MIGUEL J. RODRIGUEZ CARRILLO/AFP

Aeronavtika va fazoni tadqiq qilish milliy boshqarmasi (NASA) avgust oyi oxirigacha astronavtlar Barri Batch Uilmor va Sunita Uilyamsni Xalqaro kosmik stansiya (XKS)dan Yerga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilmoqchi: Boeing kompaniyasi Starliner kemasida yoki Ilon Maskning SpaceX shirkatiga tegishli Crew Dragon kapsulasida. Bu haqda NASA vakillari 14 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi

61 yoshli Batch Uilmor va 58 yoshli Sunita Uilyamsni XKSga olib borgan Boeing'ning birinchi Starliner sinov missiyasi dastlab 8 kun davom etishi rejalashtirilgan edi. Biroq, XKSga tutashish paytida kosmik kapsulaning harakatlanish tizimida muammolar paydo bo‘ldi. Texnik nosozliklar tufayli ekipaj hali ham Yerga qaytib kela olmayapti.

Matbuot anjumanida NASA Koinot operatsiyalari boshqarmasi ma’murining yordamchisi Ken Bauersoks astronavtlar XKS bortida qo‘shimcha vaqtlaridan unumli foydalanayotganini aytdi. «Ammo men ishonamanki, ular ham biz kabi qarorni kutishmoqda», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Aniqlik kiritilishicha, agar qaror Space X foydasiga qabul qilinsa, u holda bu kompaniya XKSga 24 sentabrga rejalashtirilgan Crew-9 missiyasini odatdagidek bortida to‘rtta astronavt bilan emas, balki ikki kishi bilan amalga oshiradi. 2025 yil fevral oyida Crew Dragon kapsulasi Barri Batch Uilmor va Sunita Uilyams bilan birga Yerga qaytishi mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid