Jahon | 11:21 / 17.08.2024
15167
10 daqiqa o‘qiladi

Irkutskda qulagan samolyot: “afsonaviy” Tu-22M haqida nimalar ma’lum?

Rossiya sovetlardan meros qolgan aviasanoati yutuqlari bilan maqtana olmaydi. Chunki ular sobiq ittifoq davrida ishlab chiqarilgan ko‘plab harbiy samolyotlarni yangilay olmadi, faqat ayrimlari modernizatsiya qilindi xolos. Yangilangan samolyotlar orasida Rossiya prezidentini olib yuradigan Il-96 bilan Tu-22M bombardimonchi samolyoti ham bor.

2024 yil 15 avgust kuni Rossiyaning Irkutsk viloyatida Tu-22M strategik bombardimonchi samolyoti halokatga uchradi.

Ma’lum qilinishicha, samolyot Irkutsk viloyatidagi Belaya aviabazasi aerodromidan havoga ko‘tarilgan va ko‘p o‘tmay yerga qulagan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot qulashdan avval havoda yona boshlagan. Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot texnik nosozlik tufayli qulab tushganini ta’kidladi.

Avvalroq, 2024 yil aprel oyida Ukraina harbiylari Stavropol o‘lkasida Rossiyaga tegishli Tu-22M3 samolyotini urib tushirgandi. Bu samolyotdan Rossiya armiyasi qanotli raketalar tashishda va Ukraina shaharlariga masofadan zarba berishda foydalanayotgan edi.

O‘shanda Rossiya tomoni Tu-22M3 ukrainaliklar tomonidan urib tushirilganini tan olmadi va samolyot halokatga uchraganini ma’lum qildi. Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov esa ukrainaliklar samolyotni urib tyushirish uchun uzoq kutganini va tayyorlanganini, oxiri buni uddalaganini aytib chiqdi.

Irkutskda qulab tushgan Tu-22M qoldiqlari

Oradan bir muddat o‘tib, iyul oyi boshlarida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Tu-22M3 samolyotini olib qochishga urinishning oldini olgani haqida xabar tarqatdi. Unga ko‘ra, samolyotni olib qochishni Ukraina tashkillashtirishga uringan va rossiyalik harbiy uchuvchiga 2 mln dollar va’da qilgan.

“Sovuq urush” davrining eng maxfiy samolyoti hisoblangan Tu-22M3 qanday samolyot va u nimalarga qodir?

Tu-22M3 tarixi

Tu-22M3 samolyoti tarixi 1950-yillar oxirida tayyorlangan Tu-22ga borib taqaladi. Bu samolyot loyihasini Tupolev boshchiligidagi konstruktorlik byurosi tayyorlagan.

Ilk samolyotning sinov parvozi 1958 yilda o‘tkazilgan. Tu-22ni seriyali ishlab chiqarish 1959 yilda Qozondagi aviatsiya birlashmasida boshlangan.

Dastlabki ishlab chiqarilgan samolyotga Tu-22A 01 tartib raqami berilgan. Keyingilari shu taxlitda raqamlangan.

Harbiylarga dastlabki samolyotlar 1962 yilda yetkazib berilgan. Keyinchalik harbiy-havo kuchlariga qarashli barcha harbiy qismlar Tu-22 samolyotlariga ega bo‘lgan.

1960-yillarda ishlab chiqarilgan Tu-22

Tu-22 asosan ikkita imkoniyati bilan boshqa harbiy samolyotlardan ajralib turardi. Jumladan, tovushdan tez uchishi va qanotli raketalarni ortib yura olishi bilan.

1970-yillarda Tu-22 samolyotlaridan bir qanchasi Iroq va Liviya davlatlariga ham sotiladi.

Dastlabki Tu-22larning xarakteristikasi quyidagicha bo‘lgan:

  • Uzunligi – 42,6 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 23,6 metr;
  • Balandligi – 10 metr;
  • Yoqilg‘i sig‘imi – 58,5 ming litr;
  • Maksimal uchish og‘irligi – 91 tonna;
  • Maksimal tezligi – soatiga 1 600 km;
  • Maksimal uchish masofasi – 7 150 kilometrgacha;
  • Ekipaj soni – 3 kishi (Komandir, shturman, bortoperator)

Tu-22 samolyotining turli modifikatsiyalari:

Tu-22A – samolyotning dastlabki namunasi shunday raqamlangan. Bu samolyotdan jami 20 dona ishlab chiqarilgan.

Tu-22B – Bu turdagi samolyotlar asosan eksport uchun ishlab chiqarilgan. Ulardan bir nechasi 1970-yillarda Liviya va Iroqqa sotilgan.

Tu-22K – bu samolyotlar raketa tashuvchi sifatida ishlab chiqarilgan. Ularga hatto yadroviy raketalar ham joylangan.

Tu-22K

Tu-22U/UD – mashg‘ulot samolyoti hisoblanadi. Ulardan aviatsiya bilim yurtlarida harbiy uchuvchilar tayyorlashda foydalanishgan.

Tu-22R, Tu-22K va Tu-22R/RD – bular razvedkachi samolyotlar hisoblanadi.

Tu-22M – bu samolyot keyinroq ishlab chiqarila boshlangan. Hozirda Rossiya foydalanayotgan Tu-22larning barchasi shu turdagi samolyot hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1958 yildan 1992 yilgacha 70 dan ortiq turli rusumdagi Tu-22 samolyotlari halokatga uchragan yoki urushlarda yo‘q qilingan. Jumladan:

  • 1978-1979 yillarda bo‘lib o‘tgan Uganda-Tanzaniya urushida;
  • 1981-1987 yillarda bo‘lib o‘tgan Chad-Liviya harbiy mojarosida;
  • 1961-1975 yillarda Iroqning o‘z hududidagi kurdalarga qarshi harbiy amaliyotlarida;
  • 1980-1988 yillarda bo‘lib o‘tgan Eron-Iroq urushida;
  • 1979-1989 yillarda bo‘lib o‘tgan Afg‘on urushida Tu-22 samolyotlari qatnashgan va bir qanchasi yo‘q qilingan.

Tu-22M samolyotlari

1960-yillarning ikkinchi yarmida sovet hukumati dastlabki ishlab chiqarilgan Tu-22 samolyotlari imkoniyatlarini past baholaydi va samolyotni yangilash bo‘yicha topshiriq beradi. Bu vazifa ham Tupolevga topshiriladi.

1968 yilda yangi rusumdagi samolyotning dastlabki nusxasi tayyor bo‘ladi va 1969 yilda sinov parvozi o‘tkaziladi. O‘sha paytda yangi rusumdagi samolyotning bir donasini tayyorlash uchun 60 mln rubl sarflanadi. Bu 1959 yilda ishlab chiqarilgan Tu-22ga sarflangan puldan 10 barobar ko‘p edi.

Tu-22Mning texnik imkoniyatlari o‘zidan avvalgi rusumga qaraganda mukammalroq edi. Jumladan, unga kuchliroq turbo dvigatellar o‘rnatiladi. Qurollari takomillashtiriladi. Shu tariqa, 1972 yildan boshlab sovet armiyasi Tu-22M samolyotlaridan foydalana boshlaydi.

Umumiy hisobda 1970 yildan 1993 yilgacha qariyb 500 dona Tu-22M samolyotlari ishlab chiqarilgan.

Tu-22M samolyotlarining xarakteristikasi:

  • Uzunligi – 42,6 metr;
  • Qanotlarning uzunligi – 34 metr;
  • Balandligi – 11 metr;
  • Og‘irligi – 68 tonna
  • Maksimal uchish og‘irligi – 126 tonna
  • Yoqilg‘i sig‘imi – 58,5 ming litr;
  • Maksimal tezligi – soatiga 2 300 km;
  • Maksimal uchish masofasi – 6 800 kilometrgacha;
  • Ekipaj soni – 4 kishi (komandir, komandir yordamchisi, shturman-navigator, shturman-operator)
Tu-22M

Tu-22M samolyotlari qatnashgan urushlar va harbiy mojarolar

Tu-22M samolyotlariga biriktiriladigan qanotli raketalar bilan uzoq masofalarga zarba bersa bo‘ladi. Ulardan shu paytgacha bir nechta urushlarda va harbiy mojarolarda foydalanilgan.

Jumladan, 1979-1989 yillarda bo‘lib o‘tgan Afg‘on urushida bu turdagi samolyotlardan Afg‘on armiyasi manzillariga zarba berilgan. 1984 yilda Tu-22M samolyotlari Afg‘onistonga og‘irligi 3 tonna bo‘lgan aviabombalar tashlagan.

Afg‘on urushidan keyin Rossiya Tu-22M samolyotlarini ilk marta 1993 yilda Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida to‘plangan afg‘on jangarilariga zarba berishda qo‘llaydi.

1994 yildan boshlab Tu-22M samolyotlari Chechenistondagi janglarda qatnasha boshlaydi va bu jarayon 2000-yillar boshlarigacha davom etadi. Argun, Shali, Gudermes shaharlariga aviazarbalar beriladi.

Rossiya Tu-22Mdan 2008 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan Gurjistonga hujumda foydalanadi. Gurjistondagi shaharlar, aerodromlar va harbiy obektlarga zarba berilgandi.

O‘shanda Gurjiston havo hujumiga qarshi tizimi Tu-22M samolyotlaridan birini urib tushiradi. Shundan so‘ng Rossiya tomoni ulardan foydalanishni darhol to‘xtatadi.

2015 yildan boshlab Rossiya Suriyadagi harbiy harakatlarda Tu-22M samolyotlaridan foydalana boshlaydi. 2017 yilda Rossiya hududida bo‘lib turgan Tu-22M samolyotidan foydalanib, Dayr-az-Zur provinsiyasidagi IShID obektiga zarba beriladi.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgach, ruslar Tu-22M samolyotidan yana keng miqyosda foydalana boshlaydi. Jumladan, Mariupol shahriga, undagi Azovstal zavodiga, Kremenchukdagi savdo markaziga X-22 qanotli raketalari bilan zarba beriladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Irkutskda qulab tushgan Tu-22M3 Rossiya qo‘shini Ukrainaga bostirib kirgan davrdan buyon yo‘qotilgan shu turdagi to‘rtinchi samolyot hisoblanadi.

“Agenstvo”ga ko‘ra, joriy yil aprel oyida Stavropol o‘lkasida ukrainaliklar Tu-22M3 samolyotini urib tushirgandi.

2022 yil 7 oktyabr kuni Ryazan viloyatidagi Dyagilovo aerodromida turgan Tu-22M Ukraina harbiylari hujumi vaqtida jiddiy shikastlanadi.

2023 yil 19 avgust kuni Ukraina uchuvchisiz qurilmalarining hujumi natijasida Novgorod viloyatidagi Solsi aviatsiya bazasida turgan Tu-22M yonib ketgandi.

Tu-22M3 yangilanadimi?

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya aviasanoati inqirozga uchradi. Bu davrda sovetlar davrida ishlab chiqarilgan va fuqaro aviatsiyasida foydalanilgan bironta samolyot yangilanmadi. Buning ustiga, Rossiya o‘tgan 34 yil mobaynida Superjyet-100ni aytmaganda birorta yangi samolyot tayyorlay olmadi.

Bu tendensiya harbiy aviatsiyada ham davom edi. Rossiya harbiy aviatsiya korxonalari bir nechta samolyotning yangilangan rusumini ishlab chiqarganini aytmaganda, boshqa ko‘plab samolyotlar yangilanmadi va birin-ketin yo‘qlikka yuz tutdi.

Tu-22M samolyotlarini ham aftidan shunday taqdir kutmoqda. Chunki bugun Rossiya foydalanayotgan Tu-22M samolyotlarining eng so‘nggisi 1990-yillar boshlarida ishlab chiqarilgan.

Bu samolyot ham boshqalari qatori yangilanmadi va vaqt o‘tgan sayin eskirib, muddatini o‘tab bormoqda. To‘g‘ri, rossiyaliklar Tu-22Mni yangilashga urinib ko‘rishgan.

2010-yillarda 2020 yilgacha Tu-22M bazasida yangi Tu-22M3M samolyotini ishlab chiqarish topshirig‘i qo‘yilgan edi. 2018 yilda Qozondagi aviazavodda yangilangan Tu-22M3 samolyot taqdimoti va birinchi sinov parvozi o‘tkazilgan.

Biroq o‘sha samolyot bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hanuzgacha tugallanmadi. Moddiy-texnik bazaning yaxshi emasligi bu ishga xalal bergan.

Rossiyada zamonaviy samolyotlar ishlab chiqarish uchun barcha ehtiyot qismlarning yo‘qligi va G‘arb kompaniyalari ularni Rossiyaga bermasligi yangi samolyotlar yaratishga asosiy to‘siq bo‘ldi.

Jumladan, Tu-22M3K, Tu-22DP/DP-1, Tu-22M3E, 45M va Tu-344 kabi samolyotlarni yaratish loyihalari amalga oshmasdan qolgan. Keyinroq Rossiya harbiy aviatsiya korxonalari Tu-22M4M samolyotini yaratish ustida ishlaydi. Biroq bu ish ham amalga oshmadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid