Jahon | 22:54 / 17.08.2024
3053
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya g‘arbida minglab odamlar o‘rmon yong‘inlari sabab evakuatsiya qilindi

Izmir shimolidagi Karshiyaka tumanida olov 30 ta binoga zarar yetkazgan, shuningdek, 10 qavatli turar joy binosi yonib ketgan.

Foto: Idil Toffolo / IMAGO

Turkiya g‘arbidagi Izmir shahrida favqulodda xizmatlarning minglab xodimlari ikkinchi sutka shaharning turar joylariga yetib kelgan o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishga urinmoqda.

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning ma’lum qilishicha, mahalliy hukumat jabrlangan hududlardan 900 ga yaqin odamni evakuatsiya qilgan. Izmirda yong‘inni o‘chirishga 2965 kishi va 600 ga yaqin texnika jalb etilgan.

Izmir shimolidagi Karshiyaka tumanida olov 30 ta binoga zarar yetkazgan. Bundan tashqari, 10 qavatli turar joy binosi yonib ketgan — o‘t o‘chiruvchilar zudlik bilan u yerda yashovchi odamlarni evakuatsiya qilib, alangani o‘chirgan. Izmirning boshqa hududlari ham bir nechta uy yonib ketgani aytilmoqda.

Yerlikayaga ko‘ra, Izmir yaqinidagi Manisa shahri yong‘in aholi punktlariga tarqalishi xavfi sabab 1440 kishi evakuatsiya qilingan.

Izmir yaqinidagi yong‘in sababi — piknik uchun yoqilgan gulxan

Turkiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari Ibrohim Yumakli TRT Haber telekanaliga bergan intervyusida Izmir yaqinidagi o‘rmon yong‘ini «uch kishi piknik uchun gulxan yoqqani» oqibatida kelib chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya aybdorlarni qidirish bilan shug‘ullanmoqda. «Viloyatda beqaror va kuchli shamol esmoqda. Xudoga shukrki, yong‘inlar oqibatida hali hech bir inson qurbon bo‘lmadi. Albatta, hayvonlar haqida aytmayapman — men ularga chin dildan achinaman», — deydi Yumakli.

Yoz boshidan beri Turkiyada bir necha bor anomal jazirama kuzatildi. TRT ma’lumotlariga ko‘ra, 16 avgust kuni o‘rmon yong‘inlari kamida oltita shahar va viloyatda, jumladan, Chanoqqal’a, Manisa va Bolu shaharlarida yuzaga kelgan.

Mavzuga oid