Jahon | 20:03 / 29.08.2024
16464
7 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiya armiyasi Pokrovskka yaqinlashmoqda

Ukraina Donbassdagi muhim tayanch punktini boy berdi, ammo Kursk oblastida hujumlarni davom ettirmoqda.

Foto: EPA

Rossiya armiyasi Pokrovsk yo‘nalishidagi yurishini rivojlantirmoqda. Bir necha kun ichida Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovskdan 10 km janubi-sharqdagi muhim tayanch punkti — Novogrodovka egallandi va endi rayon markazining o‘ziga hujum boshlash mumkin. Pokrovsk va Mirnogradda bir necha kundan buyon aholi yoppasiga evakuatsiya qilinmoqda. BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev frontdagi so‘nggi o‘zgarishlarni ko‘rib chiqdi.

Jami aholisi 100 ming kishi atrofida bo‘lgan Pokrovsk va Mirnograd — Donetsk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismi markazi Kramatorskdan janubi-g‘arbda joylashgan so‘nggi yirik shaharlaridir. Pokrovsk — muhim logistik tugun bo‘lib, u orqali Donetsk, Konstantinovka, Kramatorsk va mamlakat ichkarisiga olib boruvchi trassalar o‘tadi.

Bu vaqtda esa Ukraina qo‘shini Kursk oblastida avgust oyidagi janglar mobaynida rossiyaliklar Donbassda egallaganidan ko‘proq hududlarni egallab olgan. Ammo Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgan eng yirik aholi yashash manzili — 5 ming atrofida aholi yashovchi Sudja shahri — bir haftalik janglar natijasida boy berilgan Novogrodovkaning o‘zidan ikki barobar kichikdir, agar ukrain qo‘mondonligi vaziyatni o‘nglashga harakat qilmasa, yaqin vaqtlar ichida boy berilishi mumkin bo‘lgan Pokrovsk va Mirnograd shaharlari esa ancha yirikroq shaharlardir.

Odamlar Pokrovskni yoppasiga tark etmoqda. Foto: Reuters

«Odamlar muammo haqida tobora ko‘proq gapira boshladi»

Rossiya armiyasi Ocheretino qo‘lga kiritilganidan va Pokrovsk yo‘nalishida ko‘plab sekin, qonli va umuman olganda muvaffaqiyatli hujum amaliyotlaridan keyin rayon markazi tomon yurishni boshladi. Frontning bu uchastkasida Rossiyaning «Markaz» qo‘shinlar guruhining asosiy kuchlari jamlangan va uning nisbatan eng jangovar zaxiralari ham shu yo‘nalishga kiritilgan.

Ko‘pchilik, jumladan ukrainalik harbiy ekspertlar ham Grodovka va unga qo‘shni Novogrodovka tez orada oldinga siljiyotgan Rossiya bo‘linmalari tomonidan ishg‘ol etilishiga amin, holbuki bungacha buning uchun ko‘proq vaqt ketishi kutilgandi. Ammo, aftidan, Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskning o‘zida mudofaalanishga e’tibor qaratishga qaror qilgan.

«Mudofaa kuchlari yetarli bo‘lmagan shahar hududlari yengib o‘tib bo‘lmaydigan to‘siq emas va ukrain qo‘mondonligi, katta ehtimol bilan, Novogrodovka mudofaasi qurbonlar berishga arzimaydi deb hisoblagan», — deyiladi Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti hisobotida.

Ukrainalik harbiy tahlilchi Oleksandr Kovalenkoning fikricha, Novogrodovka mudofaasini bir necha oy ushlab turish mumkin:

«Novogrodovka chekkalarida ilk shturm harakatlari 21 avgust kuni boshlandi. Rossiya bosqinchi qo‘shinlari bir haftaga yaqin vaqt ichida temiryo‘l bo‘ylab 3,5 km masofaga ilgariladi».

«Ta’kidlashni istardimki, temiryo‘l hududidagi shturm harakatlari dushman uchun doimo qiyin kechgan va bu sun’iy to‘siq daryo yoki suv havzalari kabi tabiiy to‘siqlar qatorida turadi. Ammo bu safar emas», — deya davom etadi tahlilchi.

«Va gap Novogrodovkani Rossiya bosqinchi qo‘shinining saralangan maxsus topshiriqli kuchlari shturm qilayotganida emas, bunday gap yo‘q. Va muammo bu yerda pozitsiyalarni qancha mumkin bo‘lsa, shuncha ushlab turgan jangchilarimizda ham emas. Muammoning xarakteri boshqacharoq,  mendan farqli o‘laroq, gapirishga haqliroq bo‘lgan fuqarolar bu haqda tobora balandroq ovozda gapirmoqda», — deya yozadi Kovalenko.

Harbiy harakatlar maydoni xaritasida Rossiya yurishi nayzasi qaysi tomonga qaratilgani aks etgan. U g‘arb tomon chuqur cho‘zilgan va frontdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya harbiy rahbariyati Pokrovsk tomon yurishga shoshilmayapti, balki qanotlar xavfsizligini ta’minlashga harakat qilmoqda.

Ham rossiyalik, ham ukrainalik manbalarga ko‘ra, Novogrodovkadan janubda joylashgan Selidovo shahri uchun janglar allaqachon boshlangan.

Rossiya bo‘linmalari harakati qo‘shni yo‘nalishda, Kuraxovo yo‘nalishida ham kuzatilmoqda — ko‘plab xabarlarga ko‘ra, bu yerda rossiyaliklar bir necha oylik janglardan keyin Konstantinovka qishlog‘ini egallashgan.

Bu qishloq boy berilishi ukrainlarning yana bir muhim tayanch punkti, janubi-g‘arbda joylashgan Vuhledarni himoya qilayotgan bo‘linmalarning pozitsiyasini zaiflashtiradi.

Chalg‘itishga erishilmadi

So‘nggi kunlarda Rossiya qo‘shinlarining Donbassda shiddat bilan oldinga yurishi fonida Kursk oblastiga bostirib kirgan Ukraina qurolli kuchlarining yutuqlari kamtarona ko‘rinmoqda.

Ukraina armiyasi hamon o‘z nazoratidagi hududni kengaytirishga harakat qilmoqda, ammo amaliyotning birinchi kunlari bilan taqqoslaganda, harbiy harakatlar intensivligi sezilarli darajada pasaygan, oldinga yurish esa sekinlashgan yoki nolga yaqinlashgan.

Seshanba kuni Ukraina bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Kursk oblastida Ukraina 1294 km kv hududda 100 ta aholi yashash manzillarini nazorat qilayotgani va 594 nafar rossiyalik askar asir olinganini ma’lum qildi. Bu raqamlarni shubha ostiga qo‘yish mumkin, ammo umuman olganda, u yerdagi vaziyat — Rossiya foydasiga emasligi aniq.

Ko‘priklar vayron qilinib, Seym daryosida muqobil yo‘llar sifatida o‘rnatilgan kechuv yo‘llariga uyushtirilgan hujumlardan keyin Rossiyaning chegarani qo‘riqlash uchun joylashtirilgan 3 ming kishilik guruhi murakkab ahvolda qolmoqda.

Bu guruh jami maydoni 400 km kv maydondan iborat Tyotkino — Alekseyevka — Komarovka — Yelizavetovka liniyasi bo‘ylab to‘rtburchak hosil qilgan hududni ushlab turibdi. Bu hudud g‘arb va janubdan chegaraga tutashadi, shimolda ta’minot va chekinish yo‘llari ko‘priklarsiz qolgan Seym daryosi bilan to‘silgan, sharqdan esa Ukraina qurolli kuchlari qismlari bosim qilib turibdi.

Ammo ukrain armiyasi hozircha mazkur uchastkaga faol yurish harakatlari amalga oshirmayotgani tufayli, ayni vaqtda Rossiyaning uzilib qolgan qismlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid yo‘q.

Sirskiy esa «Kursk yo‘nalishidagi hujum amaliyoti o‘tkazish maqsadlaridan biri dushman kuchlarini boshqa yo‘nalishlardan, birinchi navbatda Pokrovsk va Kuraxovodan chalg‘itish» ekanini ta’kidlagan.

Ammo, Rossiya qismlari Pokrovsk yo‘nalishini tark etmadi, aksincha, u yerdagi qo‘shinlari miqdorini oshirmoqda.

Mavzuga oid