Jahon | 10:48 / 30.08.2024
5157
3 daqiqa o‘qiladi

Le Monde: rossiyalik yollanma askarlar Burkina-Fasoni tark etyapti

«Medvedi» yollanma brigadasi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumini qaytarish uchun Afrikadan chaqirib olingan, bu haqda OAV va Telegram-kanallari xabar bermoqda.

Foto: AP

29 avgust, payshanba kuni Fransiyaning Le Monde gazetasi yozishicha, Rossiyaning «Medvedi» deb nomlangan «maxsus kuchlar brigadasi»yollanma askarlari Burkina-Fasoni tark etmoqda.

Gap may oyida Afrika davlati poytaxti Uagaduguga «bir qator asosiy shaxslarni, shu jumladan, ehtimol, xunta rahbari kapitan Ibrohim Traoreni himoya qilish maqsadida kelgan yuzga yaqin harbiylashtirilgan guruh haqida bormoqda», deya aniqlik kiritadi nashr.

Le Monde nashri ta’kidlashicha, rossiyalik yollanma askarlarning Afrikani tark etishiga ularning 6 avgustdan beri davom etayotgan Ukraina qurolli kuchlari hujumidan mintaqani himoya qilish uchun Kursk yaqiniga ko‘chirilishi sabab bo‘lgan. Jurnalistlar ta’kidlashicha, 22 avgust kuni ular brigada komandiri, «Djyeday» chaqiruv belgisiga ega Viktor Yermolayev bilan Telegram orqali bilan bog‘langan va u kuchlar olib chiqilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan.

Fransuz gazetasining ta’kidlashicha, «Medvedi» brigadasi Rossiya mudofaa vazirligi bilan aloqani rad etadi. Biroq, Rossiya mudofaa vazirligi ba’zi rahbarlari u bilan aloqada bo‘lganligi haqida dalillar mavjud. Xususan, 2023 yilning 5 aprelida Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari, «hozirda Afrika qit’asidagi Kremlning butun harbiy mavjudligini nazorat qiluvchi Yunus-Bek Yevkurov shaxsan «Perevalnoye» lageriga (Qrimda joylashgan) tashrif buyurib, qo‘llab-quvvatlov taklif qilgan», — deyiladi nashr.

«Medvedi» brigadasi haqida

17 avgust kuni Rossiya davlatiga yaqin bo‘lgan «Tsargrad» portali «Medvedi» 81-alohida maxsus kuchlar brigadasi vatanni himoya qilish uchun Afrikadan Rossiyaga Kursk yaqinida qaytmoqda», deb yozgan edi.

Xuddi shu nashrda aytilishicha, ushbu brigada 2023 yilda armiya maxsus kuchlari faxriylaridan tuzilgan va «Rossiya Mudofaa vazirligi uni qurol va jihozlar bilan ta’minlaydi».

Ayni paytda, 27 avgust kuni «Medvedi» brigadasi Telegram-kanalida quyidagi xabar paydo bo‘ldi: «So‘nggi voqealar munosabati bilan brigada Qrimga qaytadi».

Mavzuga oid