Jahon | 23:40 / 01.09.2024
29726
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda qora tilapiya balig‘iga qarshi «urush» boshlandi

Mamlakatda dengiz mahsulotlariga qiron keltirayotgan ushbu baliq turini tutganlar rag‘batlantirilmoqda. Qora tilapiyaning tarqalishi Tailand iqtisodiyotiga salkam 300 mln dollar zarar keltiradi.

Foto: Tha News Pix

Tailand «eng bosqinchi tur» nomini olgan tilapiya balig‘iga qarshi kurash boshladi. BBC’ning yozishicha, ushbu baliq turi mamlakat atrof-muhit tizimiga ulkan zarar yetkazishi mumkin.

Qayd etilishicha, Tailandda qora tilapiyaning keng tarqalishi oldin ham kuzatilgan, ammo ularning hech biri hozirgidek keng ko‘lamli bo‘lmagan. Bangkok parlamenti deputati Nattacha Bunchayinsavatga ko‘ra, ushbu baliqning tarqalishi Tailand iqtisodiyotiga kamida 293 million dollar zarar keltiradi.

Asosiy muammo shundaki, qora tilapiya Tailandda muhim dengiz mahsulotlari hisoblangan mayda baliqlar, qisqichbaqalar va chig‘anoq lichinkalari bilan oziqlanadi. Shu sababdan hukumat bir necha oydan beri qora tilapiyani tutgan insonlarni rag‘batlantirib kelmoqda. Baliq nafaqat chuchuk suvda, balki sho‘r suvda ham yashay oladi.

Tailand hukumati mazkur turdagi baliqni tutganlar uchun beriladigan mukofot pulini ikki barobarga oshirdi — kilogrammi uchun 0,42 dollar. Natijada Bangkok atrofidagi suv havzalari odamlar tomonidan egallab olindi, ular plastik idishlar yordamida qora tilapiyani tutishga kirishgan.

Rasmiylar, shuningdek, tilapiya bilan oziqlanadigan yirtqich baliqlar — Osiyo dengiz olabug‘asi va mo‘ylovdor laqqa baliqni ham suv havzalariga qo‘yib yubormoqda. Ammo ular juda tez ko‘payadigan turga qarshi kurashishga majbur: tilapiyalar bir martada 500 tagacha uvildiriq tashlaydi.

Shu bois hukumat genetik modifikatsiya qilingan qora tilapiyani yaratishga ham kirishgan — joriy yil oxiriga qadar yaratilishi kutilayotgan ushbu turdagi baliqlar o‘zida kam uvildiriq chiqaradi.

Mavzuga oid