Jahon | 09:50 / 11.09.2024
2170
3 daqiqa o‘qiladi

Blinken va Lemmi Ukrainaga birgalikda tashrif buyurishini e’lon qildi

AQSh davlat kotibi va Britaniya tashqi ishlar vaziri Kiyevda Zelenskiy va Ukraina hukumatining yuqori martabali vakillari bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.

Foto: Reuters

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Ukrainaga birgalikda tashrif buyurishlarini e’lon qilishdi. 10 sentabr, seshanba kuni AQSh Davlat departamentining aniqlik kiritishicha, Blinken va Lemmi 11 sentabr kuni Ukrainaga boradi. Safar haqidagi ma’lumotni Britaniya TIV rahbari Londonda amerikalik hamkasbi bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ham tasdiqladi. «Bu o‘n yildan ortiq vaqt ichida bunday turdagi birinchi qo‘shma tashrif bo‘ladi», dedi Lemmi.

Davlat departamenti siyosatchilarning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukraina hukumati yuqori martabali vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilganini tushuntirdi. Xususan, Rossiya agressiyasidan himoya qilish va Ukrainaning «uzoq muddatli istiqbolda harbiy, iqtisodiy va demokratik jihatdan gullab-yashnashi uchun» Kiyevni qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilinadi», deyiladi departamentda.

AQSh-Britaniya strategik muloqoti boshlandi

Blinkenning Londonga tashrifi chog‘ida mamlakatlar AQSh-Britaniya strategik muloqotini boshlab, o‘rtadagi «alohida munosabatlar»ni yana bir bor tasdiqladi. Muloqot ikki tomonlama munosabatlarning asosiy elementlari, jumladan, mudofaa va xavfsizlik, barqaror iqtisodiy o‘sish va boshqa global ustuvorliklarni qamrab oladi.

Londonda Amerika diplomatiyasi rahbari Britaniyaning yuqori martabali hukumat amaldorlari bilan uchrashib, Hindiston-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyatni, Avstraliya, AQSh va Britaniyaning AUKUS bloki doirasidagi hamkorligini, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qiladi. 

Blinken Kiyevga tashrifidan so‘ng Polshaga boradi va u yerda 12 sentabr kuni Polsha hukumatining yuqori martabali vakillari bilan uchrashadi. Tomonlar Vashington va Varshava o‘rtasidagi mudofaa va energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun NATO ittifoqchilari sifatida ishlash masalalariga to‘xtalib o‘tadilar.

AQSh Ukrainaga yangi yordam paketi ajratilganini e’lon qildi

AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga 250 million dollar miqdorida navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda 6 sentabr kuni Pentagon saytida ma’lum qilindi.

Xususan, Kiyev Vashingtondan Stinger raketalari, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, 155 mm va 105 mm artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi Javelin va AT-4 tizimlari, Bradley piyoda jangovar mashinalari, M113 zirhli transport vositalari, patrul qayiqlari va boshqa narsalar oladi.

Mavzuga oid