O‘zbekiston | 09:20 / 13.09.2024
3270
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston DXX va Turkiya milliy razvedkasi rahbarlari muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston DXX va Turkiya Milliy razvedka tashkiloti rahbarlari terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi.

12 sentabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Turkiya Milliy razvedka tashkilotining Ibrohim Qalin boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda xavfsizlik sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, xususan, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik, terrorchilik faoliyatiga aloqador bo‘lgan qidiruvdagi shaxslarni ushlash va deportatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya delegatsiyasining tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi siyosiy aloqalar jadal rivojlanib borayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Turkiya qardosh davlatlar sifatida zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida yakdil pozitsiyaga ega, deb yozdi DXX matbuot xizmati.

Mavzuga oid