Iqtisodiyot | 21:11 / 02.10.2024
6587
5 daqiqa o‘qiladi

XVJ O‘zbekistonga soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi

Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat budjeti daromadlarining YaIMga nisbati pasayib ketishi prognoz qilinyapti. Bu – soliq imtiyozlari bilan bog‘liq. Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish investitsiyalar jalb qilish uchun ham kerak.

Foto: Xalqaro valuta jamg‘armasi

16-24 sentabr kunlari Yassir Abdix boshchiligidagi Xalqaro valuta jamg‘armasi xodimlaridan iborat guruh O‘zbekiston hukumati vakillari bilan uchrashib, joriy vaziyat va iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashgan. XVJ missiyasi tashrifining yakunlari bo‘yicha rasmiy bayonotini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, iqtisodiyotning o‘sishi davom etadi. Xususan, 2024 yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati yillik 6,4 foizni tashkil etgan. May oyining boshlarida tartibga solinadigan energiya narxlari oshirilishi aprel oyi oxiridagi yillik inflatsiyaning 8 foizdan 10,5 foizgacha ko‘tarilishiga olib kelgan. Joriy yil dastlabki yetti oyida pul o‘tkazmalarining kuchli o‘sishi kuzatilib, o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘paygan. Xalqaro zaxiralar miqdori ham yetarli darajada barqaror bo‘lib, bu avgust oyi oxirida keyingi yilning 9,5 oylik importini qoplashga yetadigan darajada bo‘lgan.

“Prognoz ijobiy, xavf va imkoniyatlar esa saqlanib qoladi. Yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi investitsiyalar va tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning davom etishi natijasida joriy va keyingi yilda 5,5 foizdan yuqori bo‘lishi kutilyapti. Keraklicha qattiqlashtirilgan pul-kredit va soliq-budjet siyosati hamda energiya narxining oshishini yumshatishga qaratilgan choralar inflatsiyani asta-sekin pasaytira boshlaydi. Joriy hisob taqchilligi 2024 yilda YaIMning qariyb 6,25 foizigacha, 2025 yilda 6,1 foizgacha qisqarishi kutilyapti, bu qisman kuchli eksport va pul o‘tkazmalari hamda import qilinadigan mashina va uskunalarning bir martalik yirik xaridlaridan voz kechish bilan bog‘liq.

Iqtisodiy xatarlar qatoriga mintaqaviy va geoiqtisodiy muammolar, tovarlar narxining o‘zgaruvchanligi, jahon iqtisodiyotidagi kutilmagan global pasayish hamda davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bilan bog‘liq shartli majburiyatlarning amalga oshirilishi kiradi. Pul o‘tkazmalarining ko‘payishi, shuningdek, oltin narxining oshishi yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, 2024 va 2025 yillar uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi mos ravishda YaIMning 4 va 3 foizini tashkil etishi prognoz qilingan. Bunga davlat xarajatlarini ratsionalizatsiya qilish (ayniqsa, energiya subsidiyalarini qisqartirish – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilgan holda), ijtimoiy xarajatlarni maqsadli sarflash va yo‘naltirilgan kreditlashni qisqartirish hisobiga erishiladi.

“Oltinning yuqori bahosi va tez iqtisodiy o‘sishga qaramasdan, oltin qazib olish sektoridan tashqarida QQS va korporativ daromad solig‘i undirishning zaifligi tufayli daromadlarning YaIMga nisbati pasayib ketishi prognoz qilinyapti. Soliq imtiyozlari va soliq majburiyatlarining kamayishi, ayniqsa, jadal rivojlanayotgan xizmatlar sohasida soliq solinadigan bazaning kengayishiga to‘sqinlik qilyapti. Investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq imtiyozlari, ularning soliq solinadigan bazaga salbiy ta’sirini bosqichma-bosqich kamaytirish nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Shu bilan birga, soliq ma’muriyatining Soliq kodeksiga rioya etilishini ta’minlash (ayniqsa, joylarda samarali soliq tekshiruvlarini o‘tkazish), soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilishning tegishli kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha vakolatlarni kengaytirish zarur”, deya qayd etgan XVJ missiyasi.

Energoresurslar bo‘yicha 2024 yil may oyida yuz bergan tariflar oshirilishining ikkinchi to‘lqindagi ta’siri, shuningdek, 2024 yil sentabr-oktyabrdagi ish haqi oshirilishi oqibatlaridagi noaniqliklar inflatsiya kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni yaratadi. Shu jihatdan XVJ inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishilmaguncha qattiq pul-kredit siyosatini saqlab borishni tavsiya etgan. Agar inflatsiya kutilganidan oshib ketsa, Markaziy bank stavkalarni oshirishga tayyor bo‘lishi kerak.

Shuningdek, XVJ missiyasi ikki yirik davlat banki – Sanoatqurilishbank va Asakabankni xususiylashtirish jarayoni davom ettirilayotganini e’tirof etib, xususiy va davlat korxonalari o‘rtasidagi raqobatni tenglashtirishni tavsiya qilgan.

Mavzuga oid