Jahon | 11:00 / 07.10.2024
4402
3 daqiqa o‘qiladi

Fitso Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqishini bildirdi

Fitsoning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush «ruslarni tiz cho‘ktirish» uchun «G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangani» uchungina davom etmoqda.

Foto: AP / Petr David Josek

Robert Fitsoning aytishicha, Slovakiya u bosh vazir lavozimini egallab turgan paytda Ukrainaning NATOga a’zoligiga rozi bo‘lmaydi. «Men partiya raisi sifatida siyosiy nazoratimda bo‘lgan deputatlarga hech qachon Ukrainaning NATO a’zoligiga rozi bo‘lmasligini buyuraman», dedi u 6 oktyabr, yakshanba kuni STVR telekanaliga bergan intervyusida.

Slovakiya bosh vaziri Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi emasligini, biroq uning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishi «uchinchi jahon urushi uchun asos bo‘lib xizmat qilishini» aytdi. Fitsoning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush «ruslarni tiz cho‘ktirish» maqsadida «G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangani» uchungina davom etmoqda.

O‘z navbatida, Robert Fitso intervyuda 2025 yilda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi munosabati bilan Moskvaga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini aytdi. «Iltimos, rusofobiyaga berilmaylik, biz Qizil Armiya yoki sobiq Sovet Ittifoqi haqida ijobiy gapirganimizda, avtomatik ravishda Putinning qandaydir agenti, deb o‘ylashni to‘xtatish kerak», dedi Slovakiya bosh vaziri.

Fitso urushdan keyin RF bilan munosabatlarni tiklashni yoqlab chiqdi

Agar Ukrainadagi urush Slovakiyaning amaldagi hukumati mandati davomida, ya’ni 2027 yilgacha yakunlansa, bu YeI mamlakati bosh vaziri Robert Fitso Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi «iqtisodiy va normal» munosabatlarni tiklash uchun hamma narsani qilish niyatida. Fitsoning Slovakiya va Ukraina hukumatlari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar arafasida bergan bu bayonoti haqida 3 oktyabr kuni Aktuality internet nashri xabar berdi.

«Yevropa Ittifoqiga Rossiya Federatsiyasi kerak, Rossiya Federatsiyasiga, albatta, Yevropa Ittifoqi kerak», dedi Slovakiya bosh vaziri hukmron koalitsiyadagi partiyalar vakillari bilan birgalikda matbuot anjumanida.

Robert Fitso Slovakiya va Ukraina munosabatlari haqida

Robert Fitsoning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya hukumati ham Ukraina bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishdan juda manfaatdor. Ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi 7 oktyabrga belgilangan muzokaralarda u Ukrainaning xomashyo tranzitini ta’minlovchi davlat sifatidagi muhim rolini muhokama qilmoqchi, deya xabar beradi nashr.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi davom etayotgani haqida gapirar ekan, bosh vazir har qanday urush muzokaralar bilan tugashini eslatdi. «Va biz Ukraina bilan normal, do‘stona munosabatlardan juda manfaatdormiz, shu bilan birga, bu fojiaga chek qo‘ymoqchimiz, chunki bu - barcha uchun fojia», dedi Robert Fitso. U hozirgi mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi degan so‘zlar haqiqat, deb hisoblashini ta’kidladi.

Mavzuga oid