Jahon | 13:10 / 14.10.2024
5405
3 daqiqa o‘qiladi

Bild: Germaniya og‘ir texnikani Ukrainaga yuborishni to‘xtatdi

Berlin endi Kiyevga harbiy texnika jo‘natmaydi va Ukraina qurolli kuchlariga nemis qurollari bilan Rossiya Federatsiyasiga zarba berishga ruxsat bermaydi, deb yozadi Bild.

Foto: IMAGO/Sven Eckelkamp/TASS

Germaniya endi og‘ir harbiy texnikani Ukrainaga taqdim etmaydi. Bu haqda 12 oktyabr, shanba kuni Germaniyaning Bild nashri Germaniya mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Jurnalistlar tayangan vazirlikning ichki hujjatidan ko‘rinib turibdiki, texnikalarni Kiyevga topshirish «tugallangan». Nashrning qayd etishicha, 18 ta Leopard 2 tanki yetkazib berilgandan keyin Bundesverda 300 ga yaqin tank qolgan. Xuddi shu narsa zirhli transport vositalari va o‘ziyurar gaubitsalarga ham tegishli, deb yozadi Bild. Shu bilan birga, Berlin «Ukraina tez orada qarshi hujumni amalga oshirishi mumkinligiga ishonmaydi».

Germaniyada Rossiyaga dastgohlar yashirincha yetkazib berilgani fosh qilindi

Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga qaramay, bu mamlakatga o‘q-dorilar yoki transport vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishda ishlatilishi mumkin bo‘lgan nemis dastgohlari kelishda davom etmoqda. Bu haqda Germaniyaning SWR telekompaniyasining 10 oktyabr kuni bojxona hujjatlari, shuningdek, fotosuratlar va videolar tahlil qilingan surishtiruvida aytiladi.

2023 yilda Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tib, nemis ishlab chiqaruvchilaridan 300 dan ortiq kompyuterda boshqariladigan avtomatlashtirilgan mashinalarni oldi, deya xabar beradi jurnalistlar bojxona hujjatlariga tayanib. Bunday mashinalar to‘liq avtomatik ravishda, masalan, po‘latni kesish, metall plitalarni egish yoki metall qismlarni payvandlash imkonini beradi. Material mualliflarining fikriga ko‘ra, ushbu raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarisiz avtomobillar, samolyotlar va o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni «deyarli tasavvur qilib bo‘lmaydi».

Jurnalistlar Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashining katta tahlilchisi Yelena Yurchenkoning ma’lumotlariga tayanib, Rossiyadagi raqamli dasturiy boshqaruv mashinalarining 80 foizi hozirda harbiy ishlab chiqarish uchun ishlatilishini bildirdi. «Raqamli dasturiy boshqaruv mashinalari bilan ular juda tez va aniqroq ishlab chiqarishlari mumkin, bu ayniqsa qurol sanoatida juda muhim, bu ularga yanada halokatli qurollarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Germaniya esa bu dastgohlarni ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi, uning Rossiya bozoridagi ulush 30 foizgacha», — dedi ukrainalik ekspert.

Mavzuga oid