Jahon | 23:05 / 19.10.2024
7750
2 daqiqa o‘qiladi

Havo makonining buzilishi: Ruminiya qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi

Ruminiya o‘z chegarasi tomon harakatlangan obekt tufayli trevoga berdi. Mamlakat real vaqt rejimida NATOni sodir bo‘lgan holat bo‘yicha xabardor qilgan va ular bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.

Foto: Gianluca Vannicelli/IPA/picture alliance

NATO himoyasi ostidagi havo politsiyasi xizmatining qiruvchi samolyotlari Ruminiya chegarasi tomon harakatlangan obekt tufayli havoga ko‘tarildi. 19 oktyabr kuni Ruminiya Milliy mudofaa vazirligi Qora dengiz hududida, Sfintu-George aholi punktidan taxminan 45 kilometr sharqda «kichik havo obekti» aniqlangani tufayli trevoga signalini bergan.

Nishonlar radiolokatsion kuzatuv tizimi orqali aniqlanganidan keyin Ispaniya Harbiy-havo kuchlarining (HHK) ikkita F-18 samolyoti Mixail Kogelnichanu nomidagi 57-aviabazadan, shuningdek, Ruminiya HHKning ikkita samolyoti Borchadagi 86-aviabazadan havoga ko‘tarilgan.

Noma’lum obekt Ruminiya chegarasini Konstansa uyezdi hududida kesib o‘tgan. Milliy harbiy qo‘mondonlik markazi Favqulodda vaziyatlar bosh inspeksiyasini uyezdning shimoli-sharqiy qismidagi aholini ogohlantirish choralarini ko‘rish haqida xabardor qilgan.

«Qiruvchi samolyotlar trayektoriyaning biror nutqasida nishon bilan vizual aloqaga kirishmagan», — deyiladi mudofaa idorasi xabarida. Kuzatuv tizimi radar signalini yo‘qotib qo‘ygan, havo trevogasi bekor qilingan va samolyotlar bazaga qaytarilgan.

Ruminiya real vaqt rejimida NATOni sodir bo‘lgan holat bo‘yicha xabardor qilgan va ular bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.

Iyul oxirlarida Ruminiya hududida Rossiya droni parchalari topilgandi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi rahbari Ukrainaga tunda uyushtirilgan hujum natijasida Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining bo‘laklari Ruminiya hududiga qulaganini qayd etgan. O‘shanda ham hodisa haqida NATO bo‘yicha hamkorlar xabardor qilingan edi.

Mavzuga oid