Jahon | 23:38 / 10.11.2024
5942
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tomonidan uchirilgan ikkita dron Moldova hududiga qulab tushdi

UQK Havo kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, 10 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina tomon rekord miqdorda dron uchirgan va ularning bir qismi Belarus hamda Moldova hududiga o‘tib ketgan.

Foto: Moldova politsiyasi

Moldova politsiyasi 10 noyabr kuni mamlakat hududiga qulab tushgan ikkita uchuvchisiz uchish apparati topilganini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, dronlardan biri Moldova shimoli-g‘arbidagi Boroseniy Noy qishlog‘idan topilgan. Dron qulagan joy tekshiruv uchun qurshab olingan. Bir kun oldin esa yana bir uchuvchisiz uchish apparati mamlakat janubi-sharqidagi Farladani qishlog‘idan topilgandi. 

Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bu Rossiyada ishlab chiqarilgan, portlovchi qurilmaga ega bo‘lmagan «Shahed» tipidagi dronidir. U RF qo‘shinlari tomonidan 10 noyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga uyushtirilgan hujum doirasida uchirilgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, o‘tgan kecha Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga rekord miqdorda dron uchirgan. 145 ta droning 62 tasi urib tushirilgan, yana 67 tasi Ukrainaning turli hududlarida «ko‘zdan qochirilgan». Shuningdek, o‘nlab dronlar Ukraina havo makonidan Moldova, Belarus va Rossiya yo‘nalishida uchib ketgan.

«Belaruski Gayun» monitoring loyihasi rostdan ham Ukrainaga uyushtirilgan hujum kechasi kamida 10 ta uchuvchisiz uchish apparati Belarus hududiga kirganini tasdiqladi. 

Avvalroq Rossiya tomonidan 7 noyabr kuni Kiyevga uyushtirilgan hujum davomida uchuvchisiz uchish apparati Estoniyaning Ukrainadagi elchisi Anneli Kolk yashaydigan uyga kelib urilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid