Jahon | 20:44 / 04.12.2024
2251
3 daqiqa o‘qiladi

NATO dronlar flotini tuzish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi

Shimoliy Atlantika alyansi Boltiq va O‘rta Yer dengizlarida muhim suvosti infratuzilmasini himoya qilish uchun mo‘ljallangan o‘zining ekipajsiz boshqariladigan kemalar flotini tuzishni boshladi.

Foto: US Navy

Shimoliy Atlantika alyansi Boltiq va O‘rta Yer dengizlarida muhim suvosti infratuzilmasini himoya qilish uchun mo‘ljallangan o‘zining ekipajsiz boshqariladigan kemalar flotini tuzishni boshladi. Bu haqda blokning birlashgan Qurolli kuchlar transformatsiyasi bo‘yicha oliy bosh qo‘mondoni admiral Per Vandega tayanib, Defence News xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ekipajsiz boshqariladigan flotni tuzish zarurati oxirgi yilda Yevropa suvlarida bir nechta suvosti kabellariga shikast yetkazilganidan keyin paydo bo‘lgan. Bir necha hafta oldin sodir bo‘lgan ikkita holatdan keyin NATO oliy rahbariyati suv yuzasi va uning ostidagi vaziyatni muntazam kuzatib boradigan tizimni yaratish ustida o‘ylay boshlagan.

Vande ushbu tashabbusni jinoyatlarni qayd etish uchun hududlarga o‘rnatiladigan ko‘cha kuzatuv kameralari bilan qiyosladi. «Mavjud texnologiya bunday tizimni ekipajsiz boshqariladigan kemalardan foydalangan holda joriy etish imkonini beradi», — deydi admiral.

Uning ta’kidlashicha, dronlar floti loyihasi hozirda dastlabki bosqichda. Avvaliga tizim suv yuzasidagi makonni monitoring qiladi, keyinchalik suv ostini ham kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tashabbus NATO dengiz kuchlari markaziy qo‘mondonligi hamda alyans tezkor shtabi tomonidan ma’qullangan va qo‘llab-quvvatlangan.

«Aslida, bu kabi loyiha allaqachon mavjud, shuning uchun xavflar minimaldir. AQSh bir necha yildan beri Fors ko‘rfazida 59-tezkor guruhdan foydalanib keladi, shu bois barcha texnologiya mavjud. Bu yerda masala yangi texnologiyalarni qo‘llashdan ko‘ra, ularni moslashtirish haqida ketmoqda», — deydi Vande.

59-tezkor guruh 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Beshinchi floti uchun ekipajsiz tizimlar va sun’iy intellekt integratsiyasi bilan shug‘ullanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh bu turdagi 23 dan ortiq ekipajsiz boshqariladigan tizimlarni sinovdan o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabr kuni Boltiq dengizi tubidan Finlandiyadan Germaniyaga va Shvetsiyadan Litvaga o‘tgan kabellarga shikast yetkazilgani ma’lum bo‘lgandi. Germaniya va Finlandiya Tashqi ishlar vazirliklari tergov olib borilayotgani, bu kabi holat «qasddan amalga oshirilgani bo‘yicha shubha uyg‘otayotganini» ma’lum qildi. Litva Bosh prokuraturasi vakili idora rasmiy tergov boshlash bo‘yicha ma’lumot to‘playotganini bildirdi. Keyinroq Shvetsiya prokuraturasi Boltiq dengizidagi ikkita suvosti kabelining shikastlanishi bilan bog‘liq qo‘poruvchilik harakati bo‘yicha dastlabki tergovni boshlagani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid