Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
Agar Tramp Kiyevga moliyaviy yordamni qisqartirsa, kollektiv xavfsizlikka esa «putur yetadigan» bo‘lsa, Britaniya Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishiga to‘g‘ri keladi, deydi Jonson. Moskva Ukrainada NATO qo‘shinlarining paydo bo‘lishi muqarrar mojaro keltirib chiqaradi deb hisoblaydi.
Agar AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp lavozimiga kirishganidan keyin Ukrainaga moliyaviy yordam berishni qisqartirsa, katta ehtimol bilan Buyuk Britaniya ushbu mamlakatga o‘z quruqlik qo‘shinlarini joylashtirishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson GB News uchun intervyusida aytib o‘tgan.
Jonson Ukrainani qo‘llab-quvvatlash «Rossiya tomonidan Yevropaning boshqa mamlakatlariga tahdid»ning oldini olish uchun muhimligini ta’kidlaydi. Sobiq bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning mag‘lubiyati «Yevropa qit’asi chegaralarida yanada kattaroq tahdid»ni yuzaga keltiradi.
Jonsonning fikricha, Ukrainani moliyalashtirishni davom ettirish «aqlli investitsiya» hisoblanadi, bu strategiyadan voz kechish esa kelajakda Buyuk Britaniya uchun sezilarli darajada katta xarajatlarni keltirib chiqaradi.
«Men buni biz nima uchun ukrainlarni qo‘llashimiz kerak deb o‘ylaydigan odamlarga qarata aytaman. Chunki aks holda bizning kollektiv xavfsizligimizga uyg‘onayotgan va Yevropaning turli qismlariga tahdid solayotgan Rossiya tomonidan chindan ham putur yetkaziladi», — degan u.
Sobiq bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday ssenariy Buyuk Britaniyani Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini olib kirishga majbur qiladi.
Tramp saylovoldi poygasi chog‘ida bir necha marta lavozimga kirishmasdanoq Ukrainadagi mojaroga barham berishini aytgandi. U AQShning amaldagi ma’muriyatini Ukraina uchun ortiqcha xarajat qilishda ayblagan, ushbu mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiyni kattagina yordam olishga erishgani uchun «tarixdagi eng yaxshi savdogar» deb atagan. Shu bilan birga, Tramp mojaroni hal qilish uchun Kiyev hududlarining bir qismidan voz kechishiga to‘g‘ri kelishini aytgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z mamlakatida NATO bilan jang qilishga sabab yo‘qligini aytgan. U Ukrainada harbiy amaliyot boshlanishiga blokning harakatlari sabab bo‘lganini bildirgan: «Bu Ukrainadagi davlat to‘ntarishiga va janubi-sharqda, Donbassda harbiy harakatlarga olib keldi. Shunchaki bizni javob harakatlariga majbur qilishdi. Shu ma’noda, xohlaganiga erishishdi», — degandi u 7 noyabr kuni «Valday» klubi yig‘ilishida.
Moskvadagilar g‘arblik harbiylar allaqachon Ukrainada jang qilayotganini aytib keladi. Rossiya buni intervensiya deb baholaydi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar ish xorijiy davlatlarning «rasmiy harbiy kontingentlari»gacha yetib borsa ham, bu jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmaydi. Kremldagilar NATO harbiylarini Ukrainaga yuborish alyansning Rossiya bilan to‘qnashuvini muqarrar qilishidan ogohlantiradi.
London avvalroq ham Ukrainada britaniyalik harbiy xizmatchilar mavjudligini tan olgandi. The Times ma’lumotiga ko‘ra, Britaniya hukumati ushbu mamlakatga harbiy instruktorlarni yuborish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ukrainaning Rossiya bilan muzokaralardagi vakili David Araxamiya 2022 yil martida Istanbul kelishuvi amalga oshmay qolishi sabablari qatorida o‘sha vaqtda Britaniya bosh vaziri bo‘lgan Jonson bunday kelishuvdan bosh tortishga undaganini ham keltirib o‘tgandi. Putin bu faktni qayg‘uli deb hisoblab, harbiy harakatlar 2022 yildayoq yakunlangan bo‘lishi mumkin edi degandi. Jonsonning o‘zi bu ma’lumotni «butkul safsata va Rossiya propagandasi» deb atagan.
Mavzuga oid
21:42
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
19:00
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
17:01
Tramp Panama kanalini olib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:17