Jahon | 21:03 / 25.11.2024
5471
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili: «Gurjistonda diktatura o‘rnatildi»

Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili mamlakatda diktatura o‘rnatilganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, Gurjistonda politsiya, huquq-tartibot tizimi yoki qonuniy hukumat qolmagan.

Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili

«Gurjistonda hukumat ham, parlament ham o‘zini o‘zi shunday e’lon qilib olgan tuzilmalardir. Gurjistonda diktatura o‘rnatildi», — degan Saakashvili qamoqxonadan turib qilgan murojaatida.

Saakashvili muxolifatning yagona yo‘li birlik va faol hujum ekanligini aytib, «Chekinadigan joyimiz qolmadi, biz amalda Vatanimizni boy berdik», deya qo‘shimcha qilgan.

Mamlakat poytaxti Tbilisida yangi saylangan parlamentning birinchi majlisi munosabati bilan norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Muxolifat saylov natijalarini tan olmasligini bildirib, parlament faoliyatini boykot qilish rejasini e’lon qildi. Bu vaqtda «Gurjiston orzusi» partiyasi parlamentdagi vakolatlarni yakka ovoz bilan tasdiqlab, o‘z nomzodlarini rahbarlik lavozimlariga tayinlayotgandi.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili parlamentdagi jarayonni tanqid qilib, buni «Gurjiston Konstitutsiyasiga hujum» deb atadi. «Qora dushanba: politsiya va maxsus kuchlar eshiklarni qo‘riqlayapti, bu yerda «Gurjiston orzusi» Konstitutsiyani yo‘q qilmoqda», — degan u.

Shuningdek, Zurabishvili 8 nafar mahkumni afv etganini ma’lum qildi. Mamlakatda bo‘lajak prezidentlik saylovi sanasi ertaga e’lon qilinishi kutilmoqda va saylov joriy yil so‘ngigacha o‘tkazilishi mumkin.

Gurjistondagi siyosiy vaziyat keskin tus olmoqda. Saylov natijalariga muxolifatning e’tirozi va norozilik aksiyalari hukumatga bosimni kuchaytirmoqda. Prezidentlik saylovlari jarayonni yanada o‘zgartirishi mumkin.

Mavzuga oid