Sport | 21:35 / 25.11.2024
8025
2 daqiqa o‘qiladi

Singapurda jahon shaxmat toji uchun bahs boshlandi

Xitoylik Din Lijen va hindistonlik Gukesh Dommaraju jahon chempionligi uchun kurashadi.

Foto: chess.com

Shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni va bu unvonga ega bo‘lgan birinchi xitoylik grossmeyster Din Lijen jahon chempionligi uchun bahslarning birinchi turida hindistonlik grossmeyster Gukesh Dommarajuni mag‘lub etdi.

2010 yildan beri birinchi marta jahon chempionligi uchun bahslardagi ilk o‘yin tomonlardan birining g‘alabasi bilan yakunlandi. Gukesh 42-yurishdan keyin taslim bo‘ldi. O‘yin besh soatdan ortiq davom etdi.

Din Lijen 32 yoshda va FIDE jahon reytingida 23-o‘rinni egallab turibdi. U 2023 yilda rossiyalik Yan Nepomnyashchiyni yengib, jahon shaxmat tojini qo‘lga kiritgan.

Gukesh Dommaraju 18 yoshda va FIDE reytingida 5-o‘rinni egallab turibdi. Jahon chempionligi uchun o‘yin uning faoliyatidagi birinchisi.

Jahon shaxmat toji uchun bahs 14 ta partiyadan iborat. G‘olib chiqish uchun shaxmatchilardan biri 7,5 ochko jamg‘arishi lozim. Agar hisob durang bo‘lsa, tay-breyk partiyalar o‘tkaziladi. Musobaqa 14 dekabrgacha davom etadi, uning sovrin jamg‘armasi 2,5 million dollarga teng.

Mavzuga oid