Jahon | 10:18 / 28.11.2024
2138
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Bayden Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda

725 million dollarlik harbiy yordam Bayden ma’muriyatining Kiyevga uning lavozimidan ketishi oldidan qo‘llab-quvvatlovini bildiruvchi so‘nggi harakatlaridan biridir.

Foto: John Moore / Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga 725 million dollarlik harbiy yordam paketini tayyorlamoqda. Bu haqda 27 noyabr, chorshanba kuni Reuters agentligi Vashingtondagi nomi oshkor etilmagan ikki mulozimga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi to‘plamga AQSh zaxiralaridagi turli xil tankka qarshi qurollar, minalar, dronlar, Stinger ko‘chma ZRK uchun snaryadlar va HIMARS YaO‘RT uchun o‘q-dorilar kiradi. Bularning barchasi Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiyaning Ukraina sharqida so‘nggi oylarda kuchaygan hujumini ushlab turishda yordam berishi kerak.

Yangi yordam paketining mazmuni va uning hajmi tasdiqlanmagan va yaqin kunlarda o‘zgarishi mumkin, deya ta’kidlaydi Reuters.

AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi

Qo‘shma Shtatlar Rossiya agressiyasidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga 275 million dollarlik qurol va harbiy texnikadan iborat qo‘shimcha yordam paketini taqdim etmoqda. Bu haqda 20 noyabr kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bayonot berdi. Avvalroq AP agentligi manbalarga tayanib, Vashingtonning Kiyevga yana 275 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etish rejalari haqida qo‘shimcha ma’lumot bermasdan yozgan edi.

Aniqlik kiritilishicha, Ukrainaga navbatdagi yordam paketining ajratilishi AQSh prezidenti Jo Bayden 26 sentabr kuni – Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashuvi arafasida e’lon qilgan ushbu mamlakatga yordamni kengaytirish doirasida amalga oshirilmoqda. 

O‘shanda Bayden AQSh Mudofaa vazirligiga Kongress tomonidan ma’qullangan mablag‘lar hisobidan Ukrainaga 5,5 milliard dollar miqdorida yordam yo‘naltirishni buyurdi, shunda uning ma’muriyati prezidentlik muddati tugagunga qadar «Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘lardan to‘liq foydalanishi mumkin».

Shu kuni, 26 sentabrda Oq uy Pentagon Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi doirasida Kiyevga 2,4 milliard dollar ajratishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid