Hindistonlik roja Rolls-Royce’dan chiqindi yig‘uvchi mashina sifatida foydalanganmi?
20-asr boshlarida ishlab chiqarish boshlangan va ko‘p o‘tmay boylarning sevimli mashinasiga aylangan Rolls-Royce bir paytlar Hindistonda chiqindi yig‘gan desa ishonasizmi? Aytishlaricha shunday bo‘lgan. Yevropa, Osiyo va Amerikada boylar talashib, navbat kutib, maxsus buyurtma bilan xarid qilingan mashina Hind diyorida ko‘cha tozalagan.
Bugun internetdan qidirib ko‘rsangiz, tarixda Rolls-Royce mashinalari Hindistonda ko‘cha tozalovchi texnika sifatida ishlatilgani haqidagi hikoyalarga duch kelasiz.
Ana shu hikoyalarda bitta farq bor. Ularda qimmatbaho mashinani xor qilib, undan chiqindi yig‘uvchi texnika sifatida foydalanilgan shaxsning nomi har xil keladi.
Ayrimlar hikoyada keltirilgan hodisani yolg‘on deydi. Boshqalar rostligini, buni isbotlovchi fotosurat borligini ta’kidlaydi. Biroq fotosurat boshqa joyda olingan deydiganlar ham bor.
Hikoya
Barchasi 1919 yoki 1920 yilda hind rojalaridan birining Londonga borishidan boshlangan. O‘sha paytlarda Hindiston Britaniya mustamlakasi bo‘lib, mamlakatning uzoq hududlarida mahalliy rojalarning hokimiyati saqlanib qolayotgandi.
Inglizlarga boj to‘lab turgan rojalar o‘ziga tegishli hududda hukmdorlik qilar, soliqlar va boshqa yig‘imlar hisobidan boy yashardi. Londonga borgan Alvar rojasi Jay Singx ham shunday hukmdorlardan biri edi.
Roja London ko‘chalarini oddiy kiyimda, mulozimlarsiz aylanib yurganda Rolls-Royce mashinalari sotiladigan avtosalonga duch keladi. U mashinalar imkoniyatlari va xususiyatlari bilan tanishish uchun avtosalonga kiradi.
Shunda sotuvchilar qarshilarida turgan rojani kambag‘al hind deb o‘ylashadi va uning ustidan kulib, avtosalondan chiqarib yuborishadi.
Roja avtosalon sotuvchilarining bu ishidan juda g‘azablanadi. O‘zini haqorat qilingan va kamsitilgan deb hisoblaydi.
U mehmonxonaga qaytib keladi va mulozimlariga avtosalonga qo‘ng‘iroq qilib, Hindistonning Alvar knyazligi hukmdori bir nechta mashina sotib olishga qiziqqani haqida xabar berishlarini buyuradi.
Bir necha soat o‘tgach, roja yana avtosalonga keladi. Bu safar u po‘rim kiyimlarda va boy mulozimlar qurshovida edi. Avtosalonda boy hindning oyog‘i ostiga qizil gilam to‘shab kutib olishadi. Jay Singx ichkariga kirganda sotuvchilar unga hatto egilib ta’zim ham qilishadi.
Roja o‘sha paytda avtosalonda bo‘lgan oltita mashinaning hammasini sotib oladi. U mashinalarning puliga qo‘shib, ularni Alvarga yetkazib berish xarajatlarini ham to‘laydi.
Jay Singx Hindistonga qaytgandan so‘ng o‘zi sotib olgan oltita Rolls-Royce’ni shahar obodonlashtirish bo‘limiga topshiradi va ulardan chiqindilarni tashish, ko‘chalarni supurish ishlarida foydalanishni buyuradi.
Shu tariqa o‘sha paytda dunyoning eng yaxshi va eng qimmat mashinalari hisoblangan oltita Rolls-Royce Alvar shahri uchun xizmat qiladigan maxsus texnikaga aylantirildi.
Ko‘p o‘tmay Rolls-Royce’larning Hindistonda ko‘cha tozalayotgani haqidagi xabar butun dunyo bo‘ylab tarqaladi va bu avtokompaniya obro‘siga jiddiy putur yetkazadi.
Shundan so‘ng kimdir o‘zida Rolls-Royce mashinasi borligi bilan maqtansa, atrofidagilar uning ustidan kulib: “Qaysi biri? Hindistonda ko‘chalarni tozalaydigan va chiqindilarni tashiydigan, o‘shami?” deb uning ustidan kuladigan bo‘lishadi.
Shuningdek, obro‘siga jiddiy putur yetganidan so‘ng Rolls-Royce mashinalari savdosi ham keskin tushib ketadi va kompaniya daromadlari qisqaradi.
Yakunda kompaniya rahbariyati hindistonlik rojaga telegramma jo‘natib, Londondagi avtosalonga tashrifi chog‘ida sotuvchilar qilgan xatti-harakat uchun uzr so‘raydi.
Bundan tashqari, kompaniya rojaga yana oltita Rolls-Royce mashinasini sovg‘a sifatida yuboradi. Roja kompaniya rahbariyatining uzrini qabul qiladi va mashinalardan chiqindi yig‘ish va ko‘cha tozalash ishlarida foydalanishni to‘xtatadi.
Hodisa aslida bo‘lganmi?
Bu hikoyadagi hodisa sodir bo‘lganiga juda ko‘pchilik ishonadi. Boshqalar esa bunday bo‘lmagan, deydi. Hikoyaga ishonmaydiganlar quyidagi sabablarni keltirishadi:
1. Ma’lum bo‘lishicha, Jay Singx bunday hikoyaning yagona qahramoni emas. Hikoyada sodir bo‘lgan voqeani boshqa hind rojalariga ham nisbat berishgan. O‘sha hikoyalarda sana va joy farq qiladi.
Masalan, The Vintage News gazetasi ushbu hikoyaning qahramoni sifatida Alvar rojasi Jay Singxni keltirgan. Medium nashri esa hodisa Bahavalpur rojasi Navab Sodiq Muhammad Xon Abbosiy bilan sodir bo‘lganini ta’kidlagan.
Internet olamidan qidirib ko‘rilsa, Rolls-Royce mashinalari bilan bo‘lgan hodisa Haydarobod hokimi Mir Mahbub Ali Xon, Patiala rojasi Bhulinder Singx va shu kabi boshqa hukmdorlar bilan sodir bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar ham uchraydi.
Ularni o‘qib, barcha hind rojalari Londondagi Rolls-Royce Royce avtosalonida haqoratga duch kelgan va qimmatbaho mashinalarni sotib olib chiqindi yig‘dirgan degan o‘yga borish mumkin.
2. Boshqa bir talqinga ko‘ra, hindistonlik roja qimmatbaho mashinalarni Hindistonga jo‘natmagan. Ularni chiqindiga to‘ldirib, London bo‘ylab aylantirib chiqqan. Bu ham qiziq hikoya bo‘lsa-da, biroq uning ham dalili yo‘q.
3. Ko‘pchilik oldiga supurgi bog‘lagan Rolls-Royce mashinasi tasvirlangan fotosuratni hodisaga dalil sifatida keltiradi.
Biroq The Vintage News nashrining yozishicha, mashinaga supurgi bog‘lab yurishning sababi shahar ko‘chalarini tozalash bo‘lmagan.
Mashinalarning shinasiga ko‘chada yotgan o‘tkir tig‘li narsa kirib ketishining oldini olish uchun ularning ikki chetiga supurgi bog‘lashgan.
Mashinaga bog‘langan supurgilar shina ostini ko‘chalarda yotgan mix va shisha kabi o‘tkir narsalardan tozalab ketavergan va shikastlanishining oldini olgan.
Shuningdek, suratdagi mashina Rolls-Royce emas deguvchilar ham bor. Ayrim avtomutaxassislarning fikricha, u 1930-yillar boshlarida ishlab chiqarilgan Ford mashinasi bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, fotosuratga e’tibor berib qaralsa, mashina atrofidagi odamlar hindlarga umuman o‘xshamaydi.
Shunga o‘xshash fotosuratni internetda “Arab namoyishlari, 1936 yil” nomli sarlavhasi bilan ham berilganini ko‘rish mumkin. Boy arab shayxlari namoyishchilar tomonidan ko‘chaga sochilgan mixlar shinaga kirmasligi uchun mashinaga supurgi bog‘lab harakatlangan.
Bularning barchasi “haqoratlangan hind rojasi” haqidagi qiziqarli hikoya jurnalistlar tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ayrimlar hind rojasi haqidagi hikoyani Rolls-Royce kompaniyasining o‘zi brendni Hindistonda ommalashtirish uchun tarqatgan bo‘lishi ham mumkin deydi.
Chunki bu ikki davlatda urushdan avval va keyin qimmat mashinalarni sotib olishga qurbi yetadigan juda ko‘p boy rojalar yashagan. Kompaniya ularni o‘z mashinalariga qiziqtirish uchun shu usuldan foydalangani ehtimoli bor.
Bu talqin ham bekorga kelib chiqmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Birinchi jahon urushigacha 20 mingdan ortiq Rolls-Royce ishlab chiqarilgan va ularning taxminan 20 foizi Hindistonga eksport qilingan.
O‘shanda bu davlatda 230 ta hukmdor roja bo‘lgan va ular 900 dan oshiq Rolls-Royce mashinalariga egalik qilgan. Bu har bir roja o‘rta hisobda qariyb 4 ta Rolls-Royce mashinasiga ega bo‘lganini anglatadi.
Shu sababli kamsitilgan roja haqidagi hikoyani reklama sifatida kompaniyaning o‘zi tarqatgan bo‘lishi ehtimolga yaqin. Tag‘in kim bilsin?!
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
12:58 / 19.12.2024
O‘zbekiston bo‘ylab ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi - «O‘zbekkosmos»
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024