O‘zbekiston | 20:43 / 04.12.2024
13988
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Oktyabr oyida viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ketgan Botir Alimbekov o‘rnini Xurshid Qoraboyev egalladi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimining qarori bilan Xurshid Abduvahobovich Qoraboyev viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Xurshid Qoraboyev 1987 yil Parkent tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Toshkent viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasida birinchi toifali mutaxassis vazifasida boshlagan. 2011-2016 yillarda u mazkur tashkilotda yetakchi mutaxassis, bosh mutaxassis, bo‘lim mudiri o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, u Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligida, «O‘zbekoziqovqatholding» kompaniyasi, Toshkent viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Xurshid Qoraboyev mazkur lavozimga tayinlangunga qadar O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlikka ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida 2024 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Botir Alimbekov 2024 yil 15 oktyabr kuni, prezident tanqididan keyin ishdan ketgandi.

Viloyat hokimining xuddi shu yig‘ilishda ishdan olingan moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov o‘rniga 17 oktyabr kuni Otabek Tursunov tayinlangandi.

Mavzuga oid