O‘zbekiston | 20:40 / 06.12.2024
2026
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ayrat Fozilov Niderlandiya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandrga ishonch yorliqlarini topshirdi. O‘z navbatida Niderlandiya qiroli Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomini yetkazdi.

Foto: dunyo.info

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Bryusselda joylashgan) G‘ayrat Fozilov 4 dekabr kuni Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandrga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Qayd etilishicha, marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilingan.

Qirol Villem-Aleksandr O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomi va tilaklarini yetkazgan. Qirol, shuningdek, Niderlandiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dinamik xususiyatini mamnuniyat bilan qayd etib, turli darajadagi muntazam siyosiy aloqalar, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik faollashganiga alohida e’tibor qaratgan.

«Niderlandiyaning mazkur tarmoqlardagi boy tajribasini hisobga olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov 2023 yil 5 dekabr kuni Belgiya va Yevropa Ittifoqi poytaxtiga tashrif buyurgan edi. U 2015-2017 va 2021–2023 yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2024 yil 7 fevral kuni Fozilov Belgiya qiroli Filippga, 14 noyabr kuni esa Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Mavzuga oid