Jahon | 08:17 / 09.12.2024
2643
4 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston parlamenti yonida «norozilik» archasi paydo bo‘ldi

Ommaviy noroziliklarning o‘n birinchi kunida Tbilisidagi Rustaveli prospektiga yangi yil archasi o‘rnatildi. Namoyishchilar uni Yevropa Ittifoqi, Gurjiston, Ukraina va AQSh bayroqlari, shuningdek, norozilik namoyishlarida jarohatlangan jurnalistlarning suratlari bilan bezatdilar.

Foto: Telegram / paperkartuli

Gurjiston poytaxtida o‘n birinchi kundan beri davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari ishtirokchilari Rustaveli prospektidagi parlament binosi yonidagi yangi yil archasini yaralangan faollar va jurnalistlar suratlari bilan «bezadi», deb xabar berdi «Gruziya Online» portali 8 dekabr, yakshanba kuni.

Namoyishchilar yig‘ilgan joyga yangi yil archasi karkasi tushdan keyin Tbilisi meriyasi buyrug‘i bilan o‘rnatildi. Biroq namoyishchilar shahar xizmatlariga yangi yil ramzini to‘liq yig‘ishga to‘sqinlik qilishdi, shundan so‘ng faqat yarmi sun’iy shoxlar bilan bezatilgan karkas politsiya tomonidan o‘rab olingan. Kechki norozilik boshlanganidan keyin archa nazorati yana namoyishchilar qo‘liga o‘tdi. Unda fotosuratlardan tashqari Gurjiston, Yevropa Ittifoqi, Ukraina va AQSh bayroqlari ham bor edi. Keyinroq archa oldida namoyishchilarning tarqatilishini nazorat qiluvchi maxsus vazifalar departamenti boshlig‘i Zviad Xarazishvilining timsoli yoqib yuborilgan.

Tbilisi meri Kaxa Kaladze yangi yil archasi albatta tegishli shaklga keltirilishiga va’da berdi.

Paper Kartuli Telegram-kanaliga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan 9 dekabr kuni soat 2.00 da namoyishchilarning aksariyati parlament oldidagi maydonni tark etgan. Maxsus texnika va xavfsizlik kuchlari bo‘lgan avtobuslar ham jo‘nab ketdi. Namoyishchilar suv purkagichlari yoki ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatib yuborilgani haqida xabarlar yo‘q.

Avvalroq, 7 dekabr kuni Aleksandr bog‘i va Purseladze ko‘chasida qora kiyim va niqob kiygan noma’lum shaxslarning ommaviy axborot vositalari vakillari va namoyishchilarga hujumidan so‘ng namoyishchilar o‘zini himoya qilish bo‘linmasini tashkil qilgani xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir erkakning gapirayotgani, yuzlari yopiq bir necha o‘nlab erkaklar ko‘chalarni patrul qilish va namoyishchilarni xavfsizlik kuchlaridan himoya qilish niyatida ekanliklarini ko‘rsatayotgan video tarqaldi.

Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarni suv purkagichlar bilan tarqatib yubordi

Gurjiston poytaxtida maxsus kuchlar so‘nggi uch kun ichida ilk bor Rustaveli prospektidagi namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqata boshladi. Bu haqda 7 dekabrga o‘tar kechasi «Gruziya Online» portali xabar berdi. Tarqatishga sabab namoyishchilarning pirotexnika vositalaridan foydalangani bo‘lgan, deb yozadi gazeta.

Politsiya Gurjiston parlamenti joylashgan prospektdagi mitingni tarqatib yuborishi boshlanganidan ikki yarim soat o‘tib, deyarli hech qanday namoyishchilar qolmadi, deb yozadi Paper Kartuli Telegram-kanali. Namoyishchilarning bir qismi shahar qirg‘oqbo‘yiga ko‘chib o‘tdi, namoyishchilar va noma’lum shaxslar o‘rtasida mushtlashuv yuz berib, ular mashinalaridan tushib «norozilik bildirgan», deb yozadi kanal.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili X ijtimoiy tarmog‘ida bosh vazir Irakliy Kobaxidzening Tbilisi ko‘chalarida zo‘ravonliklar to‘xtaganini aytgan so‘zlariga izoh berdi. «Yolg‘on! Agar ko‘chada zo‘ravonlik to‘xtagan bo‘lsa, bugungi tarqatib yuborishning ma’nosi qanday? Ayollardan o‘ch olishdan maqsad nima?» - deb yozdi u.

Mavzuga oid