O‘zbekiston | 21:52 / 11.12.2024
4589
6 daqiqa o‘qiladi

11 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Markaziy bank rahbariyatida o‘zgarishlar, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish uchun jazo, O‘zbekistonda ishga tushiriladigan yangi issiqlik elektr stansiyalari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Markaziy bank rahbariyatida o‘zgarishlar

Timur Aminjonovich Ishmetov O‘zbekiston Markaziy bankining yangi raisi bo‘ldi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari uning nomzodini Senatga taqdim etgan edi. Oliy Majlis Senati Kengashi Timur Ishmetovni Markaziy bank boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

45 yoshli Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan, Toshkent moliya instituti va Birmingem universitetini tamomlagan. U Markaziy bankda 19 yil faoliyat yuritib, yuqori lavozimlarda ishlagan. 2017 yilda Nurmurodov bilan birga bankning valuta islohoti jarayonida ishtirok etgan.

2019-2022 yillarda Moliya vaziri sifatida ishlagan Ishmetov 2022 yil dekabrda prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

U Markaziy Bankning avvalgi rahbari Mamarizo Nurmurodov o‘rnini egallab, Markaziy bankdagi islohotlarni davom ettirishi kutilmoqda. Avvalgi rahbar, 64 yoshli Mamarizo Nurmurodov Markaziy bankda maslahatchi lavozimida o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Ommaviy tartibsizliklar uyushtirish uchun jazo

11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini qabul qildi. Unda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tish va bunday faoliyatni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning aytishicha, bunday o‘quvlarda ishtirok etganlik, qurol va portlovchi moddalar tayyorlash, shuningdek, moliyalashtirish faoliyati jinoyat hisoblanadi. Bu jazo onlayn tarzdagi o‘quvlarda ishtirok etayotganlarga ham taalluqli.

Amaldagi 244-moddaga ko‘ra, ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish yoki qurol qo‘llab qatnashish kabi harakatlar uchun 15 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, yangi chora-tadbirlar oldini olishga qaratilgan bo‘lib, hujjat davlat budjetidan ortiqcha mablag‘ talab qilmaydi. Deputatlar loyihani savolsiz qabul qildi.

«Ezgulik» jamiyatiga xalqaro mukofot

10 dekabr kuni Parijda o‘tgan marosimda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyatiga Fransiyaning «Ozodlik, tenglik, birodarlik» xalqaro mukofoti topshirildi.

Mukofotni jamiyat rahbari Abdurahmon Tashanov Fransiya adliya vaziri Didiye Migo va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy maslahat komissiyasi raisi Jan-Mari Burguburudan qabul qilib oldi.

Mukofot 1988 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyatining ahamiyatini e’tirof etishga qaratilgan. Bu yil u qurolli mojarolarda tinch aholi huquqlarini himoya qiluvchi 5 tashkilotga berildi.

Fransiya adliya vaziri mukofotning ahamiyatini ta’kidlab: «Inson huquqlarini himoya qilishdagi xizmatlaringizni hurmat va e’tirof belgisi sifatida qabul qiling», dedi mukofotlanganlarga.

O‘zbekistonda 5 ta yangi IES ishga tushiriladi

2027 yilga qadar O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar bilan imzolangan bitimlar doirasida umumiy quvvati 4183 MW bo‘lgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, Qatar va Turkiya kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.

Yangi IESlar quyidagi hududlarda ishga tushiriladi:

  • 2024 yilda Qashqadaryo viloyati Nishon tumani (400 MW) va Toshkent shahri (100 MW);
  • 2025—2026 yillarda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani (1573 MW);
  • 2027 yilda Surxondaryo viloyati Angor tumani (1560 MW) va Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani (550 MW).

Bu loyihalarning umumiy qiymati 4,86 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi va ular davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. 2022—2024 yillarda 2874 MW yangi quvvatlar ishga tushirilgan.

Ichki bozorda mis ishlab chiqarish hajmi oshadi

O‘zbekiston yiliga 300 ming tonnagacha misni qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda misdan mahsulot ishlab chiqaruvchi klasterlar, texnoparklar va qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupovning ta’kidlashicha, Toshkent viloyatidagi Ohangaron mis klasterida yarimo‘tkazgichlar, mikroelektron qismlar va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Xomashyo Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yetkazib beriladi.

OKMK 2031 yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun 15 milliard dollar investitsiya yo‘naltiriladi. O‘zbekistonning mis sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bu loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi.

Qimorga boy berilgan pullar

Navoiy viloyati Uchquduq tumanida elektromontyor odamlarning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirib, ularni qimorga sarflab yuborgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

22 yoshli yigit ishdan bo‘sh vaqtlarida uyali aloqa vositalari do‘konida sotuv ishlariga yordamlashgan. U telefonlar uchun muddatli to‘lov rasmiylashtirish jarayonida mijozlarning ma’lumotlarini o‘zlashtirib, 12 kishining nomiga jami 140 million so‘mdan ortiq onlayn kredit olgan. Ushbu mablag‘larni onlayn qimor o‘yinlarida yutqazgan.

Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. U jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun o‘z uyini sotganini ma’lum qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, montyor 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Mavzuga oid