O‘zbekiston | 17:57 / 12.12.2024
17908
4 daqiqa o‘qiladi

Ikkilamchi avtomobil bozorida o‘rtacha narxlar pasayishda davom etyapti

Noyabr oyida ikkilamchi bozorda mahalliy ommabop avtomobillar: Onix, Lacetti, Nexia, Spark, Damas va Labo narxi arzonlashdi. Kam va o‘rtacha foydalanilgan Malibu bahosi oshgan bo‘lsa, Tracker narxlarida esa o‘zgarish kuzatilmagan.

Foto: Yandex Maps

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari noyabr oyida ikkilamchi bozordagi avtomobillarning o‘rtacha narxlarini tahlil qildi.

Oy davomida mahalliy ommabop avtomobillar hamda xorijiy lyuks avtomobillar o‘rtacha narxlari pasaygan bo‘lsa, mahalliy lyuks avtomobillar va elektromobillar narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.

Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari

Noyabr oyida ikkilamchi bozorda oktyabr oyiga nisbatan:

  • Onix: o‘rtacha foydalanilgani — 4,8 foizga (14 600 dollardan 13 900 gacha), kam foydalanilgani 5,4 foizga (14 900 dollardan 14 100 gacha);
  • Lacetti: o‘rtacha foydalanilgani 1,4 foizga (14 700 dollardan 14 500 gacha), kam foydalanilgani 1,1 foizga (15 200 dollardan 15 031 gacha);
  • Nexia: o‘rtacha foydalanilgani 0,9 foizga (11 500 dollardan 11 400 gacha);
  • Spark: o‘rtacha foydalanilgani 0,8 foizga (10 485 dollardan 10 400 gacha);
  • Labo: o‘rtacha foydalanilgani 2,4 foizga (8 300 dollardan 8 100 gacha);
  • Damas: o‘rtacha foydalanilgani 0,9 foizga (8 200 dollardan 8 125 gacha), ko‘p foydalanilgani 1 foizga (7 600 dollardan 7 527 gacha) arzonlagan.

Mahalliy lyuks avtomobillar

Noyabrda kam va o‘rtacha foydalanilgan Malibu avtomobilining o‘rtacha narxlari mos ravishda 3 foiz (30 100 dollardan 31 000 gacha) va 1,7 foizga (29 000 dollardan 29 500 gacha) oshgan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgan Equinoxʼning o‘rtacha narxi 1,9 foizga (27 000 dollardan 26 500 gacha) tushdi. Tracker narxlarida esa o‘zgarish kuzatilmagan.

Elektomobillar

O‘tgan oyda o‘rtacha foydalanilgan BYD Han va BYD Yuan Up elektromobillarining o‘rtacha narxlari mos ravishda 1,6 foiz (36 500 dollardan 35 900 gacha) va 2,4 foizga (21 000 dollardan 20 500 gacha) pasaygan bo‘lsa, yangi BYD E2 elektromobili 3,1 foizga (16 700 dollardan 17 216 gacha) qimmatlagan. BYD Song Plus EV Chempionʼning narxi esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi (yangisi — 29 000 dollar, o‘rtacha foydalanilgani — 26 600 dollar).

Xorijiy lyuks avtomobillar

Hyundai Elantra va Kia Sportage rusumli kam foydalanilgan avtomobillarning o‘rtacha narxlari mos ravishda 2,2 foiz (23 000 dollardan 22 500 gacha) va 1,5 foizga (32 500 dollardan 32 000 gacha), o‘rtacha foydalanilgani esa 1,6 foizga (Elantra — 22 000 dollardan 21 650 gacha va Kia Sportage — 31 500 dollardan 31 000 gacha) pasaygan.

Shuningdek, ko‘p foydalanilgan Kia K5 va Kia Sportage avtomobillari ham mos ravishda 1,2 foiz (26 300 dollardan 25 990 gacha) va 3,4 foizga (31 000 dollardan 29 950 gacha) arzonlagan bo‘lsa, Hyundai Tucson (ko‘p foydalanilgani — 25 000 dollar, kam foydalanilgani — 33 000 dollar), Hyundai Santa FE (ko‘p foydalanilgani — 35 000 dollar, kam foydalanilgani — 45 900 dollar) rusumli avtomobillar narxida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.

Tahlil uchun avtomobillar bosib o‘tgan masofasi hamda ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olingan:

  • 2023−2024 yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 kilometrgacha bo‘lgan avtomobillar — «kam foydalanilgan»;
  • 2023−2024 yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 kilometrdan 50 000 kilometrgacha bo‘lgan avtomobillar, shuningdek, 2021−2022 yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 40 000 kilometrgacha bo‘lgan avtomobillar — «o‘rtacha foydalanilgan»;
  • 2023−2024 yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 50 000 kilometrdan ko‘p bo‘lgan avtomobillar, 2021−2022 yillarda ishlab chiqarilgan hamda 40 000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan avtomobillar hamda 2020 yilda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar — «ko‘p foydalanilgan».

Avtomobil narxlarini tahlil qilishda ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) orqali to‘plangan. Bunda 2020−2024 yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun taklif etilayotgan narxlar saralab olingandan so‘ng, oktyabr oyi uchun 16 mingta, noyabr oyi uchun 17,3 mingta ma’lumotlar asosida taklif etilgan narxlar tahlil qilingan.

Mavzuga oid