O‘zbekiston | 10:49 / 15.12.2024
2861
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Navoiyda noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Prokuratura departamenti

Andijon va Navoiy viloyatlarida noqonuniy tarzda yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Ulug‘nor tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “S.Yo.” MChJ rahbari X.M. fuqaro M.A.ning ishonchiga kirib, MChJga Ulug‘nor tumani “Kichik sanoat zonasi” hududidan ajratilgan 40 sotix yerni tanishlari yordamida 100 000 dollar evaziga uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini aytib, oldindan 50 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Nurota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Nurotatumangaz” bo‘limi sobiq rahbari Sh.I. fuqaro S.N.ning ishonchiga kirib, unga gaz ta’minoti bo‘limi hududidagi 3 sotix yerni olib berishi evaziga 1 000 dollar va 79 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid