O‘zbekiston | 17:45 / 18.12.2024
5607
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda Sibir tog‘ echkisi ovlangani ma’lum bo‘ldi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi shaxs Sibir tog‘ echkisini ovlab, tabiatga 11 mln so‘m zarar yetkazdi. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar sudga yuborildi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Bo‘stonliq tumani Pskom qishlog‘i Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligida reyd tadbiri o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, reyd davomida tuman hududida yashovchi fuqaro Y.B. inspektorlar tomonidan ko‘zdan kechirilganda, uning yonidan 1 bosh Sibir tog‘ echkisining tana qismlari topilgan.

Natijada «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga asosan hayvonot dunyosiga 11 milliondan so‘mdan ziyod zarar yetkazilgani aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Bo‘stonliq tuman sudiga yuborilgan.

Sibir tog‘ echkisi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, u asosan chiqish qiyin bo‘lgan baland tog‘larda yashaydi. Ular o‘rtacha 15-17 yil yashaydi. Yilda 1-2 marta bolalaydi. Vazni 35 dan 150 kilogrammgacha yetadi.

Noyabr oyida Bo‘stonliq tumanida 35 yoshli shaxs hech qanday ruxsatnomasiz o‘ziga tegishli bo‘lgan ov quroli yordamida 1 bosh tog‘ echkisini ovlab, tabiatga salkam 17 million so‘m zarar yetkazgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid