Jahon | 21:32 / 19.12.2024
25146
7 daqiqa o‘qiladi

Jo‘laniy: «Isroil bilan muammo istamaymiz»

Inson yaratilganidan buyon mukammallashib keladi. Ayniqsa kiyinish masalasida. Ammo XIX asrda ingliz oriylari ommalashtirgan kostyum-shim yoki smoking shunchalik mukammal topilma bo‘lib chiqdiki, ommaviy chiqishlar uchun hozirgacha undan o‘tkazib nimadir tikilgani yo‘q.

Ha, kostyum butun boshli etalonga aylandi. Shunchalik etalonki, sobiq IShIDchi, sobiq Al Qoida dala qo‘mondoni bo‘lgan, AQSh o‘ta xavfli terrorchi deb ye’lon qilgan, u haqidagi ma’lumot uchun 3 oy oldin ham 10 million dollar berishga tayyor bo‘lgan suriyalik 42 yoshli yigit 2-3 marta smokingda ko‘rinish bergani fonida Suriyaning qonuniy rahbari sifatida gavdalanmoqda.

Yo‘q, bugun smoking tarixi haqida emas, ko‘z o‘ngimizda yaratilayotgan real tarix haqida gaplashamiz. Putinning do‘sti Bashar Asadni 10 kunda qulatgan kuchlar yetakchisi Abu Muhammad al Jo‘laniy oxirgi kunlarda tez-tez g‘arb nashrlariga intervyu bermoqda. Bir necha kun ichida Times, BBC, CNN kabi yirik g‘arb nashrlari Jo‘laniy bilan intervyu e’lon qildi. Bunaqasini uncha-muncha demokratik davlat rahbarlari ham orzu qilsa kerak. Bu intervyulardagi ba’zi muhim gaplarga e’tibor qaratamiz. Sizga ham Suriyadagi voqealarni diqqat bilan kuzatishni maslahat bergan bo‘lardik. Chunki kelajakda bu voqealarni hamma xohlaganicha talqin qila boshlaydi. Shu uchun barchasini o‘z ko‘zingiz bilan kuzatib boring, shunda aldanib qolmaysiz.

Jo‘laniy Times jurnaliga bergan intervyusida Suriya hech bir qo‘shnisi bilan urush xohlamasligini aytdi. «Biz Isroil bilan ham, boshqa davlatlar bilan ham muammo xohlamaymiz. Shuningdek, Suriya hududidan kimgadir hujum qilishlari uchun maydon sifatida foydalanishlariga ham yo‘l qo‘ymaymiz. Suriyaliklarga tinchlik kerak», dedi Asad rejimini qulatgan isyonchilar yetakchisi va ayni damda amalda Suriyani nazorat qilayotgan Jo‘laniy.

Oxirgi vaqtlarda Jo‘laniy Isroilga, Amerikaga ishlaydi degan gaplarga tez-tez duch kelish mumkin. Tabiiyki, Jo‘laniy Isroil bilan urushmoqchi emasmiz degan gapini o‘shanday fikrlovchilar salbiy kutib oldi. Axir bizning YouTube-kanalimiz foydalanuvchilari orasida ham Jo‘laniy Quddusni fath qilishini kutganlar juda ko‘p, buni izhohlardan bilish mumkin. Suriyadagi janglarda qatnashgan boshqa davlat fuqarolari ham avvalo Asad rejimini ag‘darish, keyin esa Isroilga qarshi jihod va’dasi bilan Suriyaga chaqirilgan.

Lekin ko‘rib turganingizdek, Suriyada hech qanday global jihod harakati haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Jo‘laniy balki qaysidir davlar yordami bilan, balki Asadning qo‘rqoqlarcha qochishi sabab qisqa muddatda davlatni qo‘lga oldi.

O‘zbeklarni Jo‘laniy nega qo‘shinini Isroilga boshlab bormayotgani qiziqtirmoqda. Bu borada ba’zi mulohazalarni bildirish mumkin. Avvalo Jo‘laniy hali Suriyani to‘liq egallab olgani yo‘q, kurdlar bilan kelishiladigan narsalar bor. Hali ular bilan jiddiy urush bo‘lishi ham mumkin.

Jo‘laniy Isroilga ishlamoqda, shu uchun uchun ularga hujum qilmayapti, deyish ham yaramaydi. Isroilga bunchalik katta baho berish kerak emas, bir burdagina davlat butun boshli 25 million odam yashaydigan arab davlatida hukumatni almashtira oladigan kuchga ega yemas. Bundan tashqari Jo‘laniy Suriyani egallaganidan buyon Isroil mamlakatni tinmay bombalamoqda. Kelishuvda bunaqa band bo‘lishi esa aqlga sig‘maydi. Yetmaganiga Netanyahu xuddi otasidan qolgan tomorqadek Suriyaning Jo‘lan tepaliklarida yanada katta hududlarni bosib oldi.

Xo‘sh, Suriya kelajakda Isroilga hujum qilishi mumkinmi? Mumkin. Chunki Isroil yarim asrdan buyon Suriyaga hujum qilmayotgandi va Jo‘laniy Asadni ag‘dargach bu ish sodir bo‘ldi. Ya’ni, Suriyada shundog‘am o‘z yerlarini qaytarib olish huquqi bo‘lgan bir vaqtda Isroil bunga navbatdagi asos yaratdi. Xalqaro huquq hech bir davlatga boshqa davlat hududini egallab olishga yo‘l qo‘ymaydi. Va yana o‘sha xalqaro huquqqa ko‘ra, bir davlat boshqa davlatga urush ochishining yagona sababi o‘sha davlat uning yerlarini tortib olishidir.

Ba’zi odamlar Isroilga ishlayapti deb o‘ylayotgan Jo‘laniy allaqachon Isroilga qarshi bayonotlar berib chiqdi. U Isroil ortiq Suriya hududiga zarba berishga haqqi yo‘qligi, avvallari bu ishni Hizbullohni bahona qilib amalga oshirgani, endi esa o‘zini oqlashga hech qanday asosi yo‘qligini ta’kidladi. Shuningdek, Isroil Jo‘lan tepaliklarini bo‘shatib qo‘yishi shartligini aytdi.

Shunday ekan, Suriya kelajakda Isroil bilan urushishi mumkin, buni hech kim istisno qilolmaydi. Agar bu ish sodir bo‘lsa, Isroil chinakamiga o‘z tarixidagi eng jiddiy qarshilikka uchraydi. Chunki oxirgi yillarda Isroilga hujum qilgan bo‘lsa, bir necha ming kishilik HAMAS guruhi hujum qildi. Yoki bo‘lmasa, Eron qo‘llaydigan Hizbulloh faqat raketa otish bilan chegaralandi. Ammo Isroilga birorta davlat hujum qilgani yo‘q. Shu bois Suriya bilan to‘qnashuv Isroil uchun HAMAS va Hizbulloh bilan bo‘lgani kabi kuchlar noteng jang bo‘lmaydi.

Lekin Jo‘laniyning ham, Suriyaning ham hozir Isroilga yoki boshqa davlatga hujum qiladigan holi yo‘q. Chunki Asad tabiiy boyliklari ko‘p davlatni Rossiyaning hududdagi manfaatlari uchungina xizmat qiladigan platsdarmga aylantirib tashlagan. Hozir yangi hukumat oldida turgan asosiy vazifa — toptalgan davlatni tiklash, uni yana tamaddunning bir qismiga aylantirish. Jo‘laniy bu ishni xalqaro hamjamiyat yordamisiz qilib bo‘lmasligini juda yaxshi biladi. Shu bois u allaqachon global jihod fikridan voz kechib, Suriyani tiklashni asosiy vazifasi deb belgilab olgani tabiiy.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov. 

Mavzuga oid