Jahon | 12:08 / 21.12.2024
2211
2 daqiqa o‘qiladi

Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor

Zagrebda 19 yoshli yigit maktabga pichoq bilan bostirib kirdi va bir necha kishini jarohatladi. Yetti yoshli qizaloq vafot etdi. Hujumchi o‘z joniga qasd qilishga uringan va qo‘lga olingan. U ruhiy kasallikdan aziyat chekayotgani aytilmoqda.

Foto: Antonio Bronic / Reuters

Xorvatiya poytaxti Zagrebda, Prechko tumanida bir yigit pichoq bilan maktab binosiga bostirib kirdi va bir necha kishini jarohatladi. Yaradorlardan biri, yetti yoshli qiz voqea joyida vafot etdi, deb xabar beradi AFP. Hujum 20 dekabr, juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:50 da sodir bo‘lgan.

«Men singlimdan maktabga kiraverishda hech kim yo‘qligini va hujumchi avval birinchi sinf o‘quvchilari sinfiga, keyin esa beshinchi sinf o‘quvchilari oldiga bostirib kirganini eshitdim», — deya agentlik kechki smenada o‘qiydigan 14 yoshli Filippdan iqtibos keltiradi. Bir nechta o‘quvchilarning ota-onalari HRT telekanaliga ma’lum qilishlaricha, bolalar endigina nonushta qilib bo‘lishgan, yigit bolani kaltaklaganini ko‘rib, vahima tushishgan.

Hujumda omon qolganlar shifoxonada. Gap besh bola va turli manbalarga ko‘ra bir yoki ikki nafar o‘qituvchi haqida ketmoqda.

Jinoyatchi o‘z joniga qasd qilishga uringan

Hujum qilgan shaxs 18-19 yoshda — uning yoshi haqidagi ma’lumotlar ham turli OAVda farq qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, u jinoyat joyidan qochib, yaqin atrofdagi tibbiyot muassasasiga yashirinishga uringan, keyin esa xuddi shu pichoqni ishlatib, o‘z joniga qasd qilgan. Politsiya uni hibsga oldi.

Yigit shu maktabning sobiq o‘quvchisi bo‘lib, qo‘shni hududda yashagan, dedi Xorvatiya ichki ishlar vaziri Davor Bojinovich jurnalistlarga. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, hujumchiga ruhiy kasallik tashxisi qo‘yilgan va u bir yil avval o‘z joniga qasd qilishga uringan.

Mavzuga oid