Raketa zarbasi, qushlar yoki nosozlik - Oqtovdagi aviahalokat sababi nima?
Qozog‘iston hukumati Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan havoga ko‘tarilib Grozniyga uchgan va Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgan samolyoti halokati sabablarini o‘rganmoqda.
Rossiya rasmiylari aviahalokat versiyalaridan biri sifatida «qushlar bilan to‘qnashuv»ni keltirgan, ammo internetda voqea joyidan olingan kadrlar tarqaldi, ularda samolyotning tashqi qoplamasida teshiklar borligi ko‘rinadi, nazariy jihatdan bular raketa zarbasi izlari bo‘lishi mumkin.
Samolyot bortida 67 kishi bo‘lgan. Qozog‘iston hukumati ulardan 38 nafari o‘limini tasdiqlagan.
BBC rus xizmati muxbiri Pavel Aksenov hodisa bo‘yicha asosiy versiyalar va halokat sharoitlarini tahlil qildi.
Halokat qanday sodir bo‘lgan?
Flightradar24 onlayn-servisidagi parvoz yozuvlariga ko‘ra, Embraer E190AR samolyoti Bokudan Grozniyga J28243-reysni amalga oshirgan, muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC) bo‘yicha soat 04:25 da Kaspiysk shahri hududida radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Bu bortda aynan shu vaqtda favqulodda holat ro‘y berganini anglatmaydi — uchuvchilar shunchaki transponderni o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin.
Taxminan bir yarim soat o‘tib — soat 06:07 da, Kaspiy dengizi ustida yana ko‘rinish bergan — samolyot endi Oqtov aeroporti tomon uchayotgandi, lekin uning parvozi trayektoriyasi juda g‘alati edi. U muntazam ravishda balandlik va yo‘nalishni o‘zgartirgan. Ya’ni samolyot boshqaruvga bo‘ysunmagandek ko‘ringan.
Pilotlar shassini chiqarishgan, ammo samolyotni qo‘ndira olishmagan — parvozning so‘nggi daqiqalari guvohlar tomonidan tasvirga olingan.
Guvohlarning hikoyalariga ko‘ra, bu voqealar oralig‘ida u Grozniyga qo‘nishga uringandi.
«Qushlar galasi» to‘g‘risidagi versiya
«Rosaviatsiya» matbuot kotibi Artyom Korenyako dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «qushlar bilan to‘qnashuvdan keyin, samolyot bortida yuzaga kelgan favqulodda holat tufayli komandir havo kemasini zaxira aerodromga „olib ketish“ga qaror qilgan — buning uchun Oqtov tanlangani»ni aytgandi.
Rossiyaning TASS davlat agentligi hodisadan biroz o‘tib Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi ham «havo kemasi qushlar galasi bilan to‘qnashgani» haqida ma’lum qilganini xabar qilgan.
Qushlar vaqti-vaqti bilan aviatsiya motorlariga kirib qoladi yoki samolyot bilan to‘qnashib ketadi, ammo bunday holatlar odamlar o‘limiga olib keluvchi halokatga olib kelishi juda kamyob hodisadir.
So‘nggi vaqtlarda ham bir necha holatda qushlar bilan to‘qnashuvdan keyin uchuvchilar majburiy qo‘nishni amalga oshirgan, ammo bu holatlarda samolyotlar boshqaruvni saqlab qolgan va jiddiy oqibatlar kuzatilmagan.
Bundan tashqari, qushlar galasi to‘g‘risidagi versiya samolyot qoplamasidagi teshiklar qanday paydo bo‘lganini izohlay olmaydi.
«Asosiy tizimlardan biri ishdan chiqqan»
Aviahalokatdan ko‘p o‘tmay Rossiya favqulodda xizmatlari vakili «Interfaks» bilan suhbatda «asosiy tizimlardan biri ishdan chiqishi» ustuvor versiya ekanini aytgan.
«Halokat signali yuborilgan va keyin samolyot radarlar ekranidan yo‘qolgan, — deydi agentlik suhbatdoshi. — Shu tariqa, texnik nosozlik versiyasi hozirda birinchi navbatda ko‘rib chiqilmoqda».
Agentlik suhbatdoshi bunday texnik nosozlikka nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.
Embraer ERJ-190-100LR samolyotlari ancha yangi va havo xavfsizligi ko‘rsatkichlari yetarlicha yuqori modellardan sanaladi.
Bunday samolyotlar foydalanishga topshirilganidan buyon ular bilan ko‘p sonli odamlar halok bo‘lishiga olib kelgan ikkita aviahalokat sodir bo‘lgan va ikkala holatda ham texnik nosozlik emas, ekipajning xatolari sabab bo‘lgan.
Azerbaijan Airlines matbuot xizmati TASS agentligiga halokatga uchragan samolyot 2013 yilda ishlab chiqarilgani va oxirgi marta 2024 yil oktyabrida to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani haqida ma’lumot bergan.
Zarar yetkazuvchi elementlar ta’siri
Samolyot Oqtov aeroporti yaqiniga qulaganidan bir necha soat o‘tib, RF havo-kosmik kuchlariga aloqador bo‘lgan bloger, Fighterbomber kanali muallifi voqea joyidan muhim videodalillarni e’lon qildi. Videolarda samolyot qoplamasida ko‘plab mayda teshiklar paydo bo‘lgani aks etgan.
Qushlar masalasi chetga chiqdi. Bu video paydo bo‘lishi vaqt masalasi edi. Ular endi qanchadir vaqt davomida bu dron, zenit-raketa kompleksi yoki bagajdagi bomba bo‘lgani bo‘yicha ma’nosiz ishlar bilan shug‘ullanishadi, ammo o‘ylaymanki, bu ko‘pga cho‘zilmaydi.
Samolyot yuzasidagi teshiklar raketa urilishi oqibati bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyaga boshqa harbiylashgan kanallar ham qo‘shilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu izlar yanada yaxshiroq ko‘ringan va chap qanotda shikastlanish yuzaga kelgani aks etgan yangi videolar ham tarqaldi.
Teshiklar asosan butun qolgan quyruq qismining uchida joylashgan. Tasvirlar yaqinlashtirilganida fyuzelyajning ko‘zga ko‘rinadigan qismidagi teshiklar dum qismidagi stabilizatordagiga nisbatan kamroq ekani ko‘rinadi.
Bunday teshiklarni odatda raketaning jangovar kallagidagi shikastlovchi elementlar hosil qiladi.
Bu hozircha eng mantiqiy izoh, ammo uning minusi shundaki, u boshqa faktlar bilan tasdiqlanmagan: havo kengligini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan va raketa uchirilishini payqagan bo‘lishi mumkin bo‘lgan xizmatlardan hech qanday bayonot bo‘lmadi.
Yo‘lovchilardan ikki nafari Rossiya hukumati ta’siridagi RT portaliga Grozniyga qo‘nishga urinish chog‘ida portlash ovozlarini eshitishganini aytishgan.
Aviahalokatdan oldinroq salondan video olgan va halokatdan omon qolgan Subhonqul Rahimov uchuvchilar samolyotni Grozniyga qo‘ndirish uchun uch bor urinib ko‘rgani, ammo «uchinchi safarda nimadir portlagani»ni aytgan. «Portlash bo‘ldi — men u samolyot ichkarisida bo‘ldi deya olmayman. Men o‘tirgan joy yonidagi qoplama uchib ketdi», — deydi u.
Azerbaijan Airlines samolyoti borti bilan favqulodda holat ro‘y bergan mahalda mazkur hududda Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrain dronlari hujumini qaytarish bilan band bo‘lgani fakti ham tashqi ta’sir to‘g‘risidagi bu versiyani qo‘llab-quvvatlaydi.
Reuters agentligi rasmiylar hozircha Kaspiy dengizi ustida uchgan samolyot Rossiya janubiga dronlar zarbalari yog‘dirilgan bir vaqtda halokatga uchraganini hozircha tushuntirib bermaganiga e’tibor qaratgan.
Avvallari dronlar faollashganida bu regionda aeroportlar yopilgan bo‘lardi, chorshanba tongida ham Rossiyaning samolyot parvozi yo‘lidagi eng yaqin aeroporti yopiq edi.
Keyinroq esa Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga yaqin hisoblangan VChK-OGPU telegram-kanalida Embraer uchuvchilarining Grozniy aeroportidagi dispetcher bilan muloqotidan parchalar e’lon qilindi. Yozuvlarga ko‘ra, samolyot tashqaridan shikastlangan va Checheniston poytaxtiga qo‘nish vaqtida boshqaruvni yo‘qotgan (pilotlar chindan ham avvaliga samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashib ketdi deb o‘ylashgan). Shundan keyin uchuvchilar Mineral Vodi aeroportiga ketishga ruxsat so‘rashgan, ammo tezda yo‘nalishni Mahachqal’aga o‘zgartirishgan. Katta ehtimol bilan, ular bort boshqaruvidagi muammo tufayli Dog‘istonga yetib borishiga ko‘zi yetmagan.
Samolyot qayerda shikastlangan bo‘lishidan qat’i nazar, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi xatosi bo‘yicha versiya ishonchliroq ko‘rinadi. Yaqin tarixda ham fuqarolik bortlari raketa urilishi oqibatida halokatga uchrashi bilan bog‘liq bir necha holat kuzatilgan. Azerbaijan Airlines halokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruvlar yakuniga qadar Grozniy va Mahachqal’aga parvozlarni to‘xtatgani fakti ham ushbu versiya foydasiga xizmat qiladi. Tergovni rossiyalik emas, qozog‘istonlik, braziliyalik va (ehtimol) ozarboyjonlik mutaxassislar olib borishi bu safar haqiqatni aniqlashga yordam berishi mumkin.
Shu bilan birga, ayrim sharhlovchilar qoplamadagi teshiklar samolyot yerga urilganidan keyin ro‘y bergan portlash oqibati bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani ham o‘rtaga tashlamoqda. Bu portlash aviahalokat guvohlari olgan videolarda yaqqol ko‘ringan.
Mavzuga oid
19:32 / 27.12.2024
Oqtovdagi aviahalokat: hozircha javobi yo‘q savollar
18:40 / 27.12.2024
The Times AZAL samolyoti halokatiga oid yangi tafsilotlarni bayon qildi
17:09 / 27.12.2024
Azerbaijan Airlines Rossiyaning 10 ta shahriga parvozlarni to‘xtatdi
16:36 / 27.12.2024