Jahon | 10:56
5916
7 daqiqa o‘qiladi

Trampga Grenlandiya nima uchun kerak?

Grenlandiya yerlari qa’rida telekommunikatsiyalar uchun zarur noyob foydali qazilmalar, shuningdek, uran, milliardlab tonna o‘zlashtirilmagan neft va tabiiy gaz zaxiralari bor. Foydali qazilmalarning ko‘pchiligi asosan Xitoyga yetkazib berilmoqda, shu sababli AQSh ham unga qiziqish bildirmoqda.

Foto: AP Photo/Chris Szagola

Olis, muzli va aksariyat qismi ming yillar avvalgi holicha saqlanib qolgan Grenlandiya sayyoramizda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlarida g‘oyat muhim rol o‘ynaydi, deb yozmoqda Euronews.

“Grenlandiya — iqlim o‘zgarishi, resurslar taqchilligi, keskinlashgan geosiyosiy vaziyat va yangi savdo yo‘nalishlarini o‘zida chambarchas bog‘lagan hudud”, — deydi Ohayo universitetining xavfsizlik va ekologiya professori Jyef Dabelko.

Uning aytishicha, dunyodagi eng katta orol hozir ko‘p jihatdan geosiyosiy va geoiqtisodiy raqobat markazida turibdi. Bunga iqlim o‘zgarishi ham qisman sabab bo‘lmoqda.

Saylangan prezident Donald Tramp so‘nggi paytlarda AQShning ko‘p yillik ittifoqchisi va NATO asoschisi bo‘lgan Daniyaga qarashli yarimavtonom hudud Grenlandiyani sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu hududda AQShning yirik harbiy bazasi ham joylashgan.

Grenlandiyaning nimasi bunchalik jozibali?

Nyu York universiteti iqlimshunosi Devid Hollandning aytishicha, Grenlandiya isib borayotgan sayyoramiz uchun termostat (doimiy haroratni saqlab turadigan qurilma) vazifasini o‘taydi. U Yer sharining qolgan qismiga nisbatan to‘rt barobar tezroq isiyotgan mintaqada joylashgan.

Grenlandiya yerlari qa’rida telekommunikatsiyalar uchun zarur bo‘lgan noyob foydali qazilmalar, shuningdek, uran, milliardlab tonna o‘zlashtirilmagan neft va tabiiy gaz zaxiralari mavjud.

Ushbu foydali qazilmalarning ko‘pchiligi hozirda asosan Xitoyga yetkazib berilmoqda, shu sababli AQSh kabi boshqa mamlakatlar ham unga qiziqish bildirmoqda, deydi Jyef Dabelko. Uch yil oldin Daniya hukumati 57 ming kishi yashaydigan mazkur hududda dengizdagi neft konlarini qazishni to‘xtatgandi.

Ammo neft, gaz yoki foydali qazilmalardan tashqari, muz ham bor — katta miqdorda. Agar oroldagi muz erib ketsa, bu butun dunyo bo‘ylab sohil chegaralarini o‘zgartiradi va ob-havoga keskin ta’sir ko‘rsatadi.

Grenlandiyada shu qadar ko‘p muz to‘planganki, u butunlay erisa, dunyo okeani sathi 7,4 metrga ko‘tarilishi mumkin. 2022 yilgi tadqiqotda aytilishicha, taxminan 30 santimetr qalinlikdagi muz nima bo‘lishidan qat’i nazar erib ketadi.

1992 yildan beri Grenlandiya har yili qariyb 182 milliard tonna (169 milliard metr tonna) muz yo‘qotmoqda, 2019 yilda esa yo‘qotishlar 489 milliard tonnaga yetgan.

Boulder (Kolorado shtati) Qor va muz bo‘yicha milliy ma’lumotlar markazi direktori Mark Serrezening aytishicha, Grenlandiya XXI asrda “asosiy e’tibor markaziga” aylanadi, chunki unda eriyotgan muz qoplamasi dengiz sathiga ta’sir ko‘rsatadi.

Holland bu ta’sirni “endi to‘xtatib bo‘lmaydi” degan fikrda.

Boshqa iqlim omillari ham ta’sir ko‘rsatadimi?

Grenlandiya asosiy okean oqimini harakatga keltiradigan va to‘xtatadigan vosita vazifasini ham bajaradi. Bu oqim Yer iqlimiga, jumladan, dovullar va qishki bo‘ronlarning faolligiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Atlantika meridional aylanmasi deb ataladigan ushbu oqim hozirda sekinlashmoqda, chunki Grenlandiyadagi muzliklarning erishi ortidan okeanga ko‘proq chuchuk suv qo‘shilmoqda, deb ta’kidladi Serrez.

Oqimning sekinlashishi yoki buzilishi Yevropa va Shimoliy Amerikaning ayrim qismlarida iqlim o‘zgarishida burilish nuqtasi bo‘ladi. Bu hududlar uzoq davom etadigan ayoz davrga tushib qolishi mumkin.

“Ushbu global oqimlar tizimi sezilarli darajada sekinlashsa, (o‘tmishda shunday bo‘lgan) butun dunyo bo‘ylab odatdagi harorat tartiblari va yog‘ingarchilik miqdori keskin o‘zgarib ketadi”, — deb ta’kidladi Vudvell iqlim tadqiqotlari markazining iqlimshunosi Jyenifer Frensis.

Qishloq xo‘jaligi xavf ostida qoladi, ekotizimlar barbod bo‘ladi, “odatiy” ob-havo esa o‘tmishda qoladi.

Hollandning aytishicha, Grenlandiya erigan sari o‘z rangini o‘zgartirmoqda: quyosh nuri, issiqlik va energiyani o‘zida aks ettiruvchi oq muzdan ko‘proq energiya yutadigan ko‘k-yashil okean va quruqlikka. Bu o‘zgarish davom etadi.

Grenlandiya hozir AQSh hududining uchdan ikki qismida kuzatilayotgan keskin sovishda ma’lum rol o‘ynamoqda. Atmospheric and Environmental Research xususiy kompaniyasining qishki ob-havo bo‘yicha mutaxassisi Jud Koenning ta’kidlashicha, 2012 yilda Grenlandiya ustidagi ob-havo sharoiti kuchli Sandy bo‘ronining Nyu York va Nyu Jyersi tomon harakatlanishiga sabab bo‘lgan.

Grenlandiya ustidagi muz tog‘lari butun dunyo bo‘ylab bo‘ronlar hosil qiladigan va kundalik ob-havoni belgilaydigan havo oqimining tuzilishini ham o‘zgartiradi. Koen aytishicha, ayniqsa qishda, Grenlandiya qirg‘oqlari yaqinidagi yuqori bosimli to‘siq Arktika havosini g‘arb va sharqqa yo‘naltirib, Shimoliy Amerika va Yevropaga yopirilishiga sabab bo‘ladi.

Grenlandiyaning joylashuvi nima uchun bu qadar muhim?

Grenlandiyaning asosiy qismi AQSh, Rossiya va Yevropa oralig‘idagi qutb doirasidan yuqorida joylashgani bois u 150 yildan ortiq vaqtdan beri AQSh va boshqa davlatlar e’tiborini tortib kelmoqda. Arktikaning kema qatnovi va savdo uchun tobora ko‘proq ochilishi orol ahamiyatini oshirdi.

Biroq bularning hech biri Yer yuzidagi eng qadimiy tosh qoyalardan biri joylashgan va muz bilan qoplangan orolning betakror qiyofasiga yetmaydi.

“Grenlandiya g‘oyat go‘zal. U yerda ko‘zingiz qamashib qoladi”, — deydi 2007 yildan beri muzlikda 30 martadan ortiq tadqiqot o‘tkazgan Holland. “Osmono‘par bino kattaligidagi muz parchalari qoyalardan ko‘chib, okeanga qulaydi. Buning ustiga, ajoyib yovvoyi tabiat, tyulenlar va kasatkalar bor. Bu manzara kishini hayratga soladi”.

Mavzuga oid